Barbod bo‘lgan davlat to‘ntarishlari
2016 yil 16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish harakati sodir etildi. Mamlakat hukumati bir kun ichida nazoratni to‘liq o‘z ixtiyoriga olishini ma'lum qilishga ham ulgurdi. Turkiya milliy razvedka tashkiloti esa, mamlakatdagi harbiy isyon barbod bo‘lgani haqida bayonot berdi. Davlat to‘ntarishi ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan Turkiya qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Xulus Akar ozod etilib, o‘z vazifasini bajarishga kirishgani xabar qilindi. Quyida, xuddi shu kabi omadsizlikka uchragan davlat to‘ntarishiga urinishlar haqida ma'lumotlarni havola etamiz.
1. Burundidagi davlat to‘ntarishiga urinish
2015 yil 13 mayida Burundi armiyasi general-mayori Godfrua Niyombare, davlat rahbari Pera Nkurunzizaning mamlakatda yo‘qligidan foydalanib qolishga qaror qilib, prezidentning hokimiyatdan chetlashtirilgani va muvaqqat hukumat tashkil etilganini e'lon qildi. General, o‘z qaroriga sharqiy Afrika mamlakatining barcha hududi bo‘ylab norozilik namoyishlari va zo‘ravonliklar bo‘layotganini asos qilib ko‘rsatgan edi. Odamlar, Nkurunzizaning uchinchi prezidentlik muddati uchun ham lavozimini ilgari surish to‘g‘risidagi qaroridan noroziligini shu yo‘l bilan izhor qilishayotgan edi. Hukumat muxolifati, prezident qarori Konstitutsiyaga zidligini ta'kidlagandi. 15 may kuni Burundi harbiy to‘ntarishi yetakchisi general-mayor Godfrua Niyombare, o‘z tarafdorlarining taslim bo‘lishini e'lon qildi.
2. Burkina-Fasodagi bostirilgan davlat to‘ntarishi
2015 yil 16 sentabrida Burkina-Faso prezidentlik gvardiyasining bir guruh harbiylari Vazirlar mahkamasi binosini egallab, mamlakatning muvaqqat prezidenti Mishel Kafando hamda bosh vazir boshchiligidagi hukumat a'zolarini qo‘lga olgan edi. Bir necha kun o‘tgach, isyonchilar prezidentni ozod etib, isyonchilar rahbari general Jilber Dendere fuqarolardan uzr ham so‘rashgamajbur bo‘ldi. Agar, ushbu davlat to‘ntarishi amalga oshganda, bu 2000 yildan beri dunyoda sodir etilgan 38-davlat to‘ntarishi bo‘lar edi.
3. Nigerdagi amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishi
2015 yil dekabrida Afrikaning yana bir davlati Nigerda mamlakat qurolli kuchlarining 9 nafar yuqori lavozimli ofitseri, ular tomonidan rejalashtirilgan davlat to‘ntarishi amalga oshmagach, qo‘lga olindi. Ularning sirlari fosh bo‘lishiga, bir qator ofitserlarning hukumatga sodiqligi va sergakligi sabab erishilgan.
4. Janubiy Sudanda omadsizlikka uchragan davlat isyoni
2013 yil 16 dekabrga o‘tar kechasi Janubiy Sudan poytaxti Juba shahrida qurolli to‘qnashuvlar kuzatildi. Buning oqibatida 500 kishi qurbon bo‘ldi. Janglarda, davlatning amaldagi prezidentiga sodiq va sobiq vitse-prezident Riyek Mashar (hozirda birinchi vitse-prezident) tarafdorlari o‘zaro to‘qnashgan. Davlat to‘ntarishi tashkilotchilari sirasiga qator sobiq vazirlar hamda yuqori lavozimli mulozimlar kirgan. Ularning aksariyati dinka qabilasi a'zolari bo‘lib, Janubiy Sudan prezidenti Salva Kair ham ayni qabila a'zosi hisoblanadi. 20 dekabrga kelib mamlakatdagi vaziyat iziga tushdi.
5. Papua Yangi Gvineyadagi urinish
2012 yil 26 yanvarida iste'fodagi polkovnik Yaura Sasa yetakchiligidagi 20-30 nafar harbiydan iborat guruh isyon ko‘tarib, bir hafta ichida iste'foga chiqarilgan bosh vazir Maykl Somareni vazifasiga tiklash talabini ilgari surishdi. Ular, mamlakat poytaxti Port-Morsbidagi qurolli kuchlar Bosh shtab binosini egallab olib, mudofaa vazirini vazifasidan olgan va bosh vazir Piter O'Nilga ultimatum qo‘yishgan edi. Biroq, yakunda isyon bostirilgan, unda qatnashgan barcha harbiylar o‘z kazarmalariga qaytishgandi.
6. Qatardagi hukumatga qarshi amalga oshmay qolgan isyon
2012 yili mamlakat amiri shayx Hamad bin Xalifa Al Taniy saroyini egallab olishni maqsad qilib, amirlik gvardiyasi bosh ko‘tardi. Biroq, Amerika maxsus bo‘linmalari xizmatchilari Amirning joniga oro kirishdi. Ular isyonchilar bilan ayovsiz jangga kirishgan. Arab OAVda, Qatar qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general Xamad bin Ali al-Atiyya isyonchilar tomoniga o‘tgani xususida xabarlar ham paydo bo‘lgandi.
7. Venesuelada bostirilgan davlat to‘ntarishi
2002 yili Venesuela tarixiga davlat rahbariyatini hokimiyatdan noqonuniy chetlatishga urinish sifatida kiritilgani aniq. Mamlakatning yangi prezidenti Ugo Chavesning islohotlari Respublikaning ishbilarmon doiralari va aholining o‘ziga to‘q qatlami orasida norozilikka sabab bo‘ldi. Davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatni Pedro Karmon Estang rahbarligidagi muvaqqat hukumat o‘z nazoratiga oldi, u Milliy parlament, Oliy sudni tarqatib yuborib, Konstitutsiya ijrosini to‘xtatdi. Muvaqqat hukumat mamlakat qurolli kuchlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagani bois, Chavesning prezident qo‘riqlash xizmati qon to‘kishlarsiz Miraflores saroyi (prezident qarorgohi)ni qo‘lga olib, Ugo Chavesni hokimiyatga qaytargan edi. Davlat to‘ntarishi atigi 47 soat hukmronlik qilib, AQSh va Chili tomonidan qo‘llab-quvvatlagan, ammo Lotin Amerikasi boshqa mamlakatlarining tanqidiga uchragan edi.
8. Sobiq Ittifoqni saqlab qolish uchun so‘nggi urinish
1991 yil 18 avgustida, o‘sha paytdagi «SSSR davlatidagi vaziyatni barqarorlashtirish» maqsadida Favqulodda holat Davlat qo‘mitasi (GKChP) tashkil etildi. Uning tarkibiga: SSSR vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev, qator Kommunistik partiya mansabdorlari va KPSS Markazqo‘mi rahbariyati, SSSR hukumati, armiyasi va KGB (Davlat xavfsizligi qo‘mitasi) kirgan edi. GKChP o‘zini davlat boshqaruvining yagona organi deb e'lon qilib, uning qarorlari SSSRning barcha hududida so‘zsiz bajarilishi shartligini bildirdi va G. Yanayev, M. S. Gorbachyovning salomatligi yomonlashgani tufayli, mamlakatning prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanganini ma'lum qildi. GKChPning bosh maqsadi o‘sha vaqtda SSSRning parchalanishiga olib kelishi taxmin qilingan va 20 avgustda imzolanishi kutilgan Mustaqil sovet davlatlari ittifoqi (bu ham ruschasiga SSSR) shartnomasini imzolanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Davlat to‘ntarishi 3 kun davom etib, Moskva shahri garnizoni va RSFSR rahbariyati ko‘rgan choralar tufayli barham topdi.
9. 9 nafar irqchi Dominikda davlat to‘ntarishini amalga oshirmoqchi bo‘lishdi
1979 yili o‘zining irqiy qarashlari bilan taniqli siyosatchi Devid Dyuk kanadalik neonatsisitlarga Amerikaning Ku-kluks-klanini taqdim etdi. Ular, kichikroq bir mamlakatda davlat to‘ntarishini amalga oshirib, o‘zlariga bo‘ysinuvchi hukumatni hokimiyat boshqaruviga keltirishni rejalashtirdi.
Ularning tanlovi Dominik respublikasiga tushdi. G‘arazgo‘ylar o‘z g‘oyalarini amalga oshirishda ushbu mamlakatning sobiq bosh vaziri yordamidan foydalanishga ahd qilishdi. Biroq, aytish mumkinki, reja avvalboshdanoq omadsizlikka yuz tutgan edi. Dastlab, ular yollagan va Yangi Orleandagi portda turgan ulkan kema kapitani to‘liq tarkibda safarga chiqishdan bosh tortgani yetmaganday, politsiyaga ham murojaat qildi. Maxsus amaliyot chog‘ida sobiq bosh vazir va unda saqlanayotgan reja qo‘lga olindi. Bir necha kun o‘tgach, guruhning qolgan a'zolari ham kemaga chiqishdi va tezda safarlari poyoniga yetganini anglashdi. Qayd etish joizki, ushbu 9 kishining 3 nafari poitsiyaning maxfiy josuslari bo‘lgan.
10. Ufkirning Marokash taxtini egallashga urinishi
Marokash podshohligida harbiy to‘ntarishga podshoh Hasan II ning o‘ng qo‘li bo‘lgan Muhammad Ufkir boshchilik qilgandi. 1972 yili podshoh Xasan Fransiyadagi anjumanga yo‘l olgandi. U Parijdan vataniga qarab parvozni boshlagach, Ufkir uni kutib olish uchun 3ta qiruvchi samolyotni safarbar etdi. Ular, O‘rta yer dengizi osmonida Podshoh samolyotiga hujum qilishi kerak edi. Biroq, keyinchalik oydinlashicha, uchuvchilar o‘quv o‘qdorilardan foydalangan. Shundan so‘ng, uchuvchilardan biri Marokashning birinchi raqamli samolyotini borib urishga qaror qilgan, ammo nishondan adashgan. Shundan so‘ng, podshoh uchuvchisi harbiylar bilan radioaloqaga chiqib, "diktator" o‘ldirilganini ma'lum qilgan. Eson-omon mamlakat poytaxtiga qo‘ngan podshoh bir necha yuzlab xoin ofitserlarni hibsga olishga ko‘rsatma bergan. Ufkurni esa qamoqqa olishga ulgurishmadi. Chunki u o‘z joniga qasd qilgandi. Shundan so‘ng, podshoh 1999 yilda yurak xurujidan vafot etguncha, deyarli hech qanday qarshiliklarsiz mamlakatni boshqardi.