Xakasiya qamoqxonasidagi isyonning bostirilishi tasvirlangan video paydo bo‘ldi
YouTube portaliga Rossiyaning Xakasiya o‘lkasida joylashgan №35 raqamli koloniya binosi qamal qilinayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Bu qamoqxonada 24 iyul kuni kechqurun isyon boshlangandi.
Qamoqxona ma'muriyati 6 soat davomida mahbuslar bilan muzokara o‘tkazib, tartibsizliklarni to‘xtatishga harakat qilgan, ammo urinishlar besamar ketgan.
Natijada, maxsus topshiriqli bo‘linma binoni qamal qilgan va tartibbuzarlar qo‘lga olingan.
Tergovda ma'lum bo‘lishicha, mahbuslar isyoni 22 iyul kuni qamoqxonaga mahbuslardan biri keltirilishi ortida kelib chiqqan. Hozirda bu hodisa bo‘yicha jinoiy ish ochilgan, tartibsizlik ishtirokchilari muhlatiga 3 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi qo‘shib berilishi, tashkilotchilarga esa yana 15 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Mahalliy nashrlardan birining yozishicha, mahbuslar o‘zlariga "telefonda gaplashish, qamoqxonaning istalgan hududida chekish" imkoniyatlari taqdim etilishini talab qilishgandi.
Tartibsizliklar natijasida koloniya ko‘rgan moddiy zarar miqdori 1,5 million rublga baholangan.