Fan-texnika | 21:43 / 27.07.2016
15562
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda dunyodagi eng katta gidrosamolyot yaratildi

Xitoyda dunyodagi eng katta amfibiya-samolyot – AG600 qurilishi muvaffaqiyatli yakunlandi. Samolyotdan suvda qutqaruv ishlarini amalga oshirish va o‘rmon yong‘inlari bilan kurashish uchun foydalanilmoqchi. 

Gidrosamolyot o‘lchamlari bo‘yicha Boeing-737 samolyotinikiga yaqin. Samolyotning uzunligi 37 metr, qanotlari qulochi 38 metrni tashkil qiladi. Avval dunyodagi eng katta gidrosamolyot hisoblangan, Rossiyaning Be-200 samolyoti o‘z o‘lchamlari bo‘yicha yangi samolyotnikidan birmuncha ortda qoladi: uning qanotlari qulochi 32,78 metrni, uzunligi 32,05 metrni tashkil qiladi. 

Xitoy samolyotida 4 ta zamonaviy turbovintli WJ-6 dvigateli o‘rnatilgan. U o‘z bortiga 20 soniyada 12 tonna suv olishga, oddiy aerodromdan va suv sathidan uchib-qo‘nishga qodir. Samolyotning maksimal uchish og‘irligi 53,5 tonnani, maksimal uchish uzoqligi 4,5 ming km ni tashkil qiladi.

Xinhua axborot agentligining ma'lum qilishicha, samolyotni yaratish bilan Xitoyning AVIC davlat aviasozlik kompaniyasi shug‘ullangan. Samolyot Xitoyning janubidagi Chjuxay shahrida joylashgan sexlarda qurilgan. 

O‘tgan shanba kuni samolyotni qurish ishlari yakunlanishi ommaviy tantana qilindi. 

AG600 Xitoy tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan birinchi maxsus vazifalarni bajaruvchi fuqarolik samolyotidir.  Samolyot ichki bozorga mo‘ljallangan bo‘lib, korxona 17 ta samolyot uchun buyurtma olishga ulgurdi. Samolyotning birinchi parvozi joriy yil oxiriga belgilangan.

Mavzuga oid