Jahon | 12:50 / 27.07.2016
26789
4 daqiqa o‘qiladi

Poyezd derazasidan boqqan ko‘zlar yoxud Dushanbe-Moskva yo‘li bo‘ylab sayohat

Tojikistondan Moskvaga qadar poyezdda ketish juda zerikarli, buning ustiga to‘rt kun vaqt ketadi. Ammo ko‘pchilik aynan uni tanlaydi. Ana shu mavzuga bag‘ishlangan “Hayot yo‘li” deb nomlangan fotoreportaj "Rossiya dlya vsex" nashri tomonidan e'lon qilindi


Aslida Tojikiston odamlari Moskvaga samolyotda borishadi. Avtobuslar deyarli yurmaydi. Poyezdda ketish narxi esa parvoz narxiga to‘g‘ri kelmaydi.

Iyun oyida Qizil Xoch va Qizil Yarimoy tashkilotlarining qo‘llab-quvvatlashlari bilan “Insonparvarlik poyezdi – sog‘lom muhojirlar” marafoni start oldi. Aktsiya muhojirlar huquqlarining buzilayotgani va ularning salomatligiga e'tibor qaratish maqsadida o‘tkazildi.

Tashkilot xodimlari to‘rt kun davomida "Dushanbe-Moskva" poyezdida manzillari sari oshiqayotgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashdi. Suhbat mavzusi Rossiyada bo‘lish qonun-qoidalari, shuningdek, OIV, sil, gepatit singari xavfli kasalliklar profilaktikasi haqida bo‘ldi.

Tojikistondan Moskvaga qatnovchi poyezd Dushanbedan bir haftada ikki marta, Xo‘janddan esa bir haftada bir marta yuradi. Vagon va lokomativlar sobiq ittifoq davrida ishlab chiqarilganlari.

Bir reysda 700 nafar yo‘lovchini tashish mumkin. Har yili temir yo‘l qatnovi tashuvchilar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham foydasiz bo‘lib bormoqda.

2014 yilning mart oyida poyezd chiptalari narxi qimmatlashdi va bahosi  aviachiptalar bilan deyarli tenglashdi. Ammo shunga qaramay ko‘pchilik tojikistonliklar poyezdda ketishni afzal ko‘rishadi.

"Qimmatbaho aviachiptalar temir yo‘l xizmatiga murojaat qilishga majbur etadi. So‘nggi ikki yilda Tojikistonda ishlashga harakat qildim. Xususiy kompaniyalardan birida ishladim, ammo u yerdagi maosh juda kam edi. Taksist sifatida ishlashga harakat qildim. Biroq baribir bo‘lmadi", — deb hikoya qiladi besh nafar bolaning otasi Islom.

U mutaxassisligi bo‘yicha tikuv fabrikasida texnik-usta. So‘nggi 20 yil ichida Rossiyaga qatnaydi va qurilishda ishlaydi.

O‘zbekiston chegarasida poyezd o‘ta diqqat bilan ko‘zdan kechiriladi. O‘zbekiston hududida yo‘lovchilarga fotosuratga tushirish taqiqlanadi. Agar kimda kim shu ishni qilsa uning qurilmasi konfiskatsiya yoki yo‘q qilinadi.

Poyezd uchinchi kun deganda Qozog‘istonga kirib keladi. Atirau stansiyasida yo‘lovchilar miqdori ko‘payadi. Aynan shu damdan Qizil Xoch xodimlari yo‘lovchilar bilan muloqotga faol kirishishadi.

"Suhbatning ilk alomatlaridan yo‘lovchilarning qonuniy huquqlari va kasalliklarga qarshi profilaktika haqida ma'lumotlari yetarli emasligi ayon bo‘ladi ", — deyiladi aksiya hisobotida. Muammolardan yana biri tojikistonliklarning rus tilini uncha yaxshi bilmasliklaridir. 

Uchinchi kun yakunida poyezd Rossiya chegarasini kesib o‘tadi. Birinchi bekat –Astraxan viloyatining "Vladimirovka" stansiyasidir. Birinchi yo‘lovchilar keyinroq keladigan "Volgograd-1" bekatida tushib qolishni boshlashadi. Ko‘pchilik Moskvada tushadi.

Oradan roppa-rosa to‘rt kun o‘tgach, Tojikistondan yo‘lga chiqqan poyezd Rossiya poytaxtiga kirib keladi.

Platformada ularni yaqinlari kutib oladi. Ular ichida Rossiya Qizil Xoch tashkiloti xodimlari ham bor. 

Hayot oqimi shu tarzda davom etadi. Taqdirlar o‘z umrini yashaydi, poyezd g‘ildiraklari esa taqara-tuqur etgancha manzillari tomon oshiqadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi