Sport | 12:24 / 05.08.2016
11387
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon tumani Poloson mahallasida o‘tkazilgan futbol musobaqasi finaliga uch mingdan ziyod muxlis keldi

Yurtimizning boshqa viloyatlari singari Andijonda ham millionlar o‘yiniga bo‘lgan qiziqish o‘zgacha. Ayni paytda  viloyatning barcha tuman, shahar, qishlog‘u-mahallalarida istiqlolimizning qutlug‘ to‘yi munosabati bilan turli tadbirlar tashkil qilinmoqda.

Andijon tumani, Oqyor qishlog‘i hududidagi Poloson mahalla ahli tomonidan bayram oldidan uyushtirilgan futbol musobaqasi juda namunali tashkil etildi. Ushbu mahallani tom ma'noda-sportsevarlar mahallasi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Bu yerda ulg‘aygan har bir yigit albatta, futbol bilan shug‘ullanadi. Mahalla nomi bilan ataluvchi jamoa tuzilganiga ham mana 20 yil bo‘libdi.

Musobaqada Andijon shahri va va qo‘shni tumanlardan 16 ta  jamoa ishtirok etgani o‘yinlarga ko‘plab muxlislarning tashrif buyurishiga omil bo‘ldi. Yosh, navqiron va iqtidorli o‘yinchilardan tashkil topgan jamoalar ham ishqibozlar kutgan futbol namoyish etib berdilar.

Final o‘yini o‘tkaziladigan 20-sonli umumiy ta'lim maktabi stadioniga yig‘ilgan tumonat muxlisni uncha-buncha oliy va birinchi liga o‘yinlarida uchratavermaysiz. Qarangki, oddiygina, samimiy va beg‘ubor - mahallararo o‘tkazilgan turnirning asosiy bahsiga uch mingdan ziyod muxlis tashrif buyuribdi.

 Ikki hafta davomida maydonda to‘p surgan yigitlar shu yerdagi aholi uchun qahramonlarga aylanib bo‘libdilar. Final o‘yinida ishtirok etuvchi “Poloson” va “KFK” jamoalarini qo‘llab-quvvatlab turish uchun muxlislar o‘z yoqimtoylarini karnay-surnay sadolari ostida qo‘llab turishdi. Fikrimizcha, tadbirga bu darajadagi katta e'tibor birinchi navbatda tashkilotchilar sayi-harakatlarining samarasi edi.

-Mahallamizda sportning barcha turlariga va aynan futbolga qiziqadigan yoshlar ko‘plab topiladi, - deydi turnir tashkilotchisi Farruxbek Marupov. Hududdagi yosh avlod va aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida mana shunday musobaqalarni tashkil etmoqdamiz.

Mahalla oqsoqollari duosi bilan boshlangan o‘yin shiddatli va qiziqarli o‘tdi. O‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmagach, penaltilar seriyasi tepilib unda mehmon jamoa g‘alaba qozondi.

Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ikromjon Qo‘shoqov so‘z olib, barcha ishtirokchilar va tomoshabinlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Turnir g‘olib va sovrindorlariga berilgan sovrinlar ham o‘zbekona tashkil etilibdi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan jamoalarga qora qo‘chqor, uchinchi o‘rinni olgan “Qo‘shariq” yigitlariga gilam sovg‘a qilindi.

- Mustaqilligimizning 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan turnirimiz bayramona tarzda o‘tdi,-deydi mahalla oqsoqoli, Ikromjon ota. Mahalla ahli bahamjihat bo‘lsa, har qanday tadbirni o‘tkazishda muammolarga duch kelmaysiz. Shu o‘rinda musobaqani tashkil etishda katta ko‘mak bergan homiylarimiz: Farruxbek Marupov, Adhamjon Jalolov, Akramjon Rojiddinov, Abduqahhor Madayev. Husanjon Esonov, Oybek Ahmedovlarga alohida rahmat aytmoqchiman.

Istiqlolimizning chorak asrlik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirdan bir olam tassurot bilan qaytdik.

Elmurod Ermatov, Andijon