Jamiyat | 12:31 / 10.08.2016
18518
2 daqiqa o‘qiladi

"Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lida yuz bergan YTH oqibatida yo‘lovchi qiz halok bo‘ldi

7 avgust kuni A-373 "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lidagi "Qamchiq" dovonining 229-kilometrida "Vodiy-Toshkent" yo‘nalishida harakatlanayotgan Spark rusumli (davlat raqami 01V 698 WA) avtomashina haydovchisi yo‘lning bir tomonlama qatnov qismida boshqaruvni yo‘qotib, beton to‘siqqa urilgan va Spark avtomashinasi yo‘l chetiga – jarlikka ag‘anagan.

O‘sha kuni tongi soat 05:32da Avtoyo‘l dispetcherining bergan birlamchi ma'lumotiga ko‘ra “Qamchiq” qidiruv-qutqaruv maxsus boshqarmasi ofitseri A.Xusenov boshchiligida 7 kishidan iborat shaxsiy tarkib zudlik bilan voqea sodir bo‘lgan joyga yetib borgan.

Yo‘l transport hodisasi natijasida avtomashinadagi 1 yo‘lovchi voqea joyida vafot etib, haydovchi va 3 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olishgan. Tezkor amalga oshirilgan qutqaruv tadbirida jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi va 4 kishining hayoti saqlanib qolindi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi sayti xabarida ushbu yo‘l transport xodisasi oqibatida vafot etgan yo‘lovchi, Namangan viloyati Pop tumanida 1991 yilda tug‘ilgan Abdurahimova Maftunaxon Ibrohimovna oilasi va yaqinlariga chuqur ta'ziya bildirilgan.