Jamiyat | 14:25 / 15.08.2016
20493
5 daqiqa o‘qiladi

Lola Tillayeva ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining savollariga javob berdi

Lola Tillayeva ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining millat va oila haqidagi savollariga javob qaytardi. Bunda u o‘z ildizlarini - bobolari, buvilari va kindik qoni to‘kilgan maskanni yodga oldi. 

"Men o‘zbekligimdan faxrlanaman. Men o‘z davrimning samarasi va o‘z millatimning mevasiman. Bu qanday millat deysizmi?

• Bu – Ikkinchi Jahon urushi davrida va undan so‘ng o‘nlab turli xil elat vakillariga boshpana berib, ularni tug‘ishgan jigarlaridek qabul qilgan xalq;

• Bu shunday millatki, u hech qachon o‘zga xalqlar vakillariga nisbatan irqchilik tuyg‘ularini his etmagan, ularga nisbatan hamisha bag‘rikeng munosabatda bo‘lgan. Bu millat vakillari oila qurayotib, o‘z manfaatlari emas, balki sevgi-muhabbat tuyg‘ulariga suyanganlar. 

 Shu borada men belorus buvim va asli farg‘onalik, millati o‘zbek bobomning murakkab bo‘lsa-da, ammo nihoyatda qiziqarli va mazmunli hayotlarini misol tariqasida keltirib o‘tmoqchiman. Hayotning barcha qiyinchiliklari, shular qatorida muhtojlik va qahatchilik yillarini boshdan kechirganliklariga qaramay, ular umr yo‘llaridagi eng muhim – bir-birlariga nisbatan bo‘lgan hurmat va muhabbat tuyg‘ularini saqlab qolganlar. Urush tugagach, oradan bir necha yil o‘tib, bobom buvimni va kichik qizaloqlarini (ya'ni, mening onamni) o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Quvasoy shahriga olib kelganlar. Mening buvim esa keyinchalik o‘z onalari (ya'ni mening katta buvimni) hamda singillarini O‘zbekistonga olib kelganlar. Ular Vodiyda uzoq yillar umr kechirib, bobom Akbar qo‘yilgan mo‘min-musulmonlar qabristoni yaqinida joylashgan nasroniylar mozoriga dafn etilganlar. Bir-biriga juda yaqin bo‘lgan bu ikki qabriston bitta tepalikda joylashgan. Ushbu tepalikdan mening bolalik yillarim o‘tgan ko‘kalamzor Quvasoy shahrining chiroyli manzarasi namoyish bo‘ladi.
U yerda bobom va buvim hozir ham birgalar…

• Bu shunday millatki, u o‘zgalarga nisbatan hamisha hurmat bilan va do‘stona munosabatda bo‘lgan. Axir, asrlar osha Ipak Yo‘lida istiqomat qilib kelgan Men o‘zimni shu xalq avlodi deb bilaman.

Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Qo‘qon, Farg‘ona kabi ulug‘vor shaharlarni bunyod etgan va jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga bebaho hissa qo‘shgan mutafakkirlarni in'om etgan millatdir.

• Bu shunday zaminki, uning farzandlari tafakkur erkinligi va ilmga talpinib, taraqqiyot sari intilib yashaganlar. 

• Bu zaminda ilm egasi bo‘lmoqlik va olijanoblik azaldan eng asl hislatlar hisoblanib, ustozlarga nisbatan ota-onaga bo‘lgani kabi chuqur hurmat va e'tibor ko‘rsatilgan.

 • Sharqdan G‘arbga olib boruvchi yo‘lda joylashgan ushbu zaminda ulug‘ iste'dod egalari tavallud topib, insoniyat olamini uzoq asrlar davomida ma'rifat chirog‘i bilan yoritib kelganlar. Ularning kashfiyotlari hozirgi kunga qadar ham ko‘pchilikni larzaga solib keladi.

• Bu zaminda Imom Al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro va boshqa ko‘plab buyuk ilm egalari yashab o‘tib, jahon uzra diniy ilmning rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlar. 

Men o‘zimni aynan buyuk ma'naviy merosi hamisha jaholat va nodonlik ustidan g‘olib kelgan shu ulug‘ xalq avlodi deb bilaman. Ildizi kuchli bo‘lmagan daraxt kuchli bulmaydi, o‘z madaniyatini ardoqlamagan hamda uning mohiyatini tushuna bilmagan, o‘zi voyaga yetgan zaminni sevmagan kishi kuchli inson bo‘la olmaydi", - deyiladi Lola Tillayevaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Shu o‘rinda Lola Tillayeva ham o‘z vatandoshlariga savol bilan murojaat qilgan:

"Siz o‘zingizni qaysi ildizlar bilan bog‘liq deya bilasiz?"