O‘zbekiston | 13:09 / 15.08.2016
47552
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib Islomjon Ergashxo‘jayev tayinlandi

Foto: toshvil.uz

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 12 avgustdagi farmoni bilan Islomjon Ergashxo‘jayevni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. Bu haqida O‘zbekiston hukumati portali xabar berdi.

«O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 15-bandi va 102-moddasi hamda O‘zbekiston Prezidentining 12 avgustdagi farmoniga muvofiq Islamdjan Ergashxodjayev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi», — deyiladi hukumat axborotida.

1970 yilda tavallud topgan Islomjon Ergashxo‘jayev Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. U 2016 yil mart oyidan beri viloyat hokimining ma'muriy masalalar, huquq-tartibot idoralari, o‘z-o‘zini boshqarish organlari faoliyati va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan edi. Bungacha, 2011 yilgacha Pskent tumani hokimi sifatida ishlagan. 

Bundan avvalroq, Ohangaron tumani prokurori, Ohangaron shahri prokurori, Toshkent shahar Mirobod tumani prokurori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1999—2004 yillarda O‘zbekiston Bosh prokuraturasida turli lavozimlarni egallab kelgan.

Ergashxodjayev O‘zbekiston Prezidentining 12 avgustdagi boshqa bir farmoni bilan Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan Sodiq Abdullayev o‘rnini egalladi. U 2016 yilning mart oyida aynan Abdullayevning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.