Jamiyat | 11:19 / 16.08.2016
17074
6 daqiqa o‘qiladi

Farzandsiz baxtli bo‘lganlar

«Azim aka, endi men qanday yashayman? Agar sizga yomon gapirgan bo‘lsam, kechiring! Dilingizni og‘ritgan bo‘lsam, ming bor uzr! Men sizni baxtli qilolmadim... »
Endigina suddan chiqqan eru xotin bir-birini quchganicha yig‘lashardi. Sal narida esa ular bilan birga kelgan ayollar ham o‘zlarini yig‘idan to‘xtata olmay, dastro‘molchalari bilan ko‘z yoshlarini berkitishga harakat qilishardi...

Bu manzarani ko‘rib, mening ham ko‘zlarimga yosh qalqidi.

«Nahotki endi sizsiz yashasam? Bu kunimdan o‘lganim yaxshi emasmi? Ayting, endi men nima qilaman? Sizsiz qanday yashayman?!», deya ayol erini mahkam quchganicha aytib-aytib yig‘lardi.

Bu holatga hech kim befarq qarab o‘tmasdi. Kimdir ularga achinish bilan, kimdir loqaydlik bilan nazar tashlab o‘tib ketishardi.

Boshiga oppoq ro‘mol tashlab olgan onaizor hijolat chekkanicha ayolni eridan ajratib olishga harakat qilardi.

«Qizim, axir o‘n yil kutdik. Xudoyim bitta tirnoqqa zor qildi. Endi eringning ham yo‘lini to‘sma. Peshonangga yozilgani bo‘ladi. Yur, ketamiz. Hamma bizga qarayapti, bolam», deya uni tortqilardi.

Ayol esa erini yanada mahkamroq quchdi. Onaizorning yoniga yana bir ayol keldi-da, jahl bilan uni o‘ziga tortdi: «Bo‘ldida endi! Namuncha ko‘z yosh qilasan? Taqdiringga nima yozilgan bo‘lsa, shu bo‘ladi. Bu bechora kuyovni ham qiynab yubordingku. Qara, o‘tgan-ketganning ko‘zi bizda. Sharmanda qildingku odamni! Yur, uyga ketamiz, bo‘ldi! », deya uni eridan zo‘rg‘a ajratib olib, sudragudek qilib olib ketdi.

Shunda ham ayol ovozining boricha dod solib, bu ayriliqqa chiday olmasdan yig‘lardi. Ayolni ko‘chaning chekkasida kutib turgan mashinaga o‘tqazishdi-da, olib ketishdi. Ortidan ma'yus bo‘lib, ko‘zida yosh bilan eri qarab qoldi. Shu payt erkakning yoniga onasi kelib: “O‘g‘lim, dadil bo‘l! Xotinidan ajrashgan bitta sen emassan! Kim ham shunday bo‘lishini xohlovdi. Agar xotining shu paytgacha tuqqanida bu yerlarga kelib yurmagan bo‘lardik. Yur, ketamiz”, deya o‘g‘lining yelkasini siypaladi. Erkak esa yuzini devor tomonga burib, yelkalari silkinganicha yig‘lab yubordi.

Bu voqeani ancha vaqtgacha yodimdan chiqara olmay yurdim. Ayniqsa, erkak kishi yig‘lasa yomon bo‘larkan. Taxminimcha ,bu oila o‘n yil intiqib farzand kutishgan. Ammo bolalik bo‘lisholmagan. Oxir-oqibatda ajrashishga majbur qilishgan.

Albatta, bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan, suyanib qolgan, o‘n yil mobaynida turmushning xursandchiligiyu g‘amiga sherik bo‘lgan eru xotinning ajrashishi qiyin. Erkakku hademay yana uylanib ketishi mumkin. Biroq ayol...

Endi bu ojizani birov qistamasa qayta turmushga chiqishi qiyin. «Tug‘mas ayol», degan nomni ko‘tarib yurishi mushkul. Bunday ayollar qanday erkaklar bilan umr rishtalarini bog‘lashi mumkin?

Aslida farzandsiz ayol baxtsizmi?

Yo‘q, degan bo‘lardim men. Uning ham baxtli bo‘lishga haqi bor. Yaratgan uni bitta tirnoqdan qisgan bo‘lsa, bir umr baxtsiz bo‘lib qoldi, degani emas-ku! Axir uning to‘rt muchasi sog‘-ku! Nima uchun baxtsiz bo‘lishi kerak!

Baxtni yaratib olish ham insonning qo‘lida. Bunday ayollar tushkunlikka tushmay, irodali bo‘lishi, o‘zining qanday ayol ekanligini, uyda, ishda, mehnatda ko‘rsata olishi darkor.

Qishlog‘imizda O‘g‘iloy degan ayol bor. Turmush o‘rtog‘i O‘lmas aka bilan sevib, sevilib turmush qurishgan. Ularni odamlar «uzukka ko‘z qo‘ygandek bir-birlariga mos tushgan», deyishadi. Ikkalasi ham kolxoz dalasida mehnat qilishadi.

Oradan qancha yillar o‘tsa-da, ular farzandli bo‘lishmadi. Qarindoshlar ularni ajratib yubormoqchi bo‘lishdi. Biroq ular bunga rozi bo‘lishmadi. Chunki ular bir-birlari uchun yaralgandek edi. Shuning uchun qaynona-qaynota ham, qarindoshlar ham bu yoshlarni o‘z holiga qo‘yishdi.

Kunlarning birida eru xotin maslahatlashib, bir qizaloqni chaqaloqligidan asrab olishdi. Unga «Orzumizni ro‘yobga chiqarsin» deya Orzugul ismini qo‘yishdi. Qizaloq o‘lg‘aya boshladi. Inson birovga bor mehrini bersa o‘ziga o‘xshab qolishini o‘shanda ko‘rganman. Qizaloq ota-onasiga judayam o‘xshardi. Bilmaganlar bu bolaning o‘gayligiga hech shubha qilmasdi.

O‘g‘iloy opa uncha muncha erkaklarning ishini pisand qilmasdi. Xo‘jalikda brigadir bo‘lib ishlardi. Turmush o‘rtog‘i O‘lmas aka g‘o‘zalarni sug‘orardi.

Har kuni tong saharda otning dupir-dupirini eshitgan zahotimiz, ko‘zimizni ishqalagancha ko‘chaga yugurardik. Bu O‘g‘iloy opa bo‘lardi. Dala uning ikkinchi uyiga aylangandi. Biz esa uning otini ko‘rishga ishqiboz edik.