Jahon | 21:30 / 20.08.2016
8906
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston prezidenti Kashmir muxolifati bilan uchrashdi

Foto: © AFP

Hindiston prezidenti Pranab Kumar Mukerji bir yarim oydan beri tartibsizliklar davom etayotgan Jammu va Kashmir shtati parlamenti muxolifati delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqda prezidentning o‘zi tvitterda ma'lum qildi. 

Muxolifat delegatsiyasi rahbari, shtatning sobiq bosh vaziri Umar Abdulla uchrashuvdan keyin hududdagi vaziyatni tartibga solish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan suhbat o‘tkazish zarurligini aytdi.

"Jammu va Kashmir siyosiy muammo, uni ma'muriy yo‘llar bilan hal qilib bo‘lmaydi", deb aytdi uchrashuvdan keyin Abdulla. 

Abdulla shuningdek Hindiston quruqlikdagi qo‘shinlarining Shimoliy qo‘mondonligi boshlig‘i general-leytenant D.S. Xudaning shtatdagi keskinlikni kamaytirish uchun "barchaning orqaga chekinib, muzokaralar stoli atrofiga o‘tirishi lozimligi" haqidagi so‘zlarini ta'kidlab o‘tdi.

Xuda bu haqda 17 avgustda harbiylar Pulvama okrugidagi reyd davomida maktab o‘qituvchisini o‘ldirganlaridan keyin aytdi. General erkak o‘qituvchi harbiylar qo‘lidan o‘lganini tan olgan. U reydlar beruxsat o‘tkazilgani va ushbu holat tergov qilinishini aytgan. 

Kashmir vodiysida ormmaviy tartibsizliklar Hindistonda terrorchilik tashkiloti deb tan olingan "Xizb-ul-Mujahidin" guruhi faoli, 22 yoshli Burhon Muzaffar Vaniy yo‘q qilinganidan keyin boshlangan. Ixtilof davomida 66 kishi, jumladan 2 politsiyachi halok bo‘lgan, deyarli 8 ming kishi yaralangan.

Jammu va Kashmir shtati ko‘pchilik aholisi musulmonlar hisoblanuvchi Hindistondagi yagona shtat bo‘lib, bu yerda mustaqillik yoki Pokistonga qo‘shilish tarafdorlari bo‘lgan ayirmachilar harakat qiladi. Shu bilan birga Kashmirda Hindiston va Pokiston o‘rtasida rasmiy chegara yo‘q, ikki davlat armiyasini faqatgina nazorat chizig‘i ajratib turadi.

 

Mavzuga oid