Jamiyat | 14:14 / 23.08.2016
11831
3 daqiqa o‘qiladi

Bloger nodavlat tashkilotlari ishchilariga "vaqtincha propiska" olishda sabr va omad tiladi

O‘zbekistonlik bloger Davron Tojialiyev o‘zining feysbukdagi sahifasida nodavlat tashkilotlari ishchilari uchun ham "vaqtincha propiska" ochilgani haqida post qoldirdi.

Quyida ushbu post o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.

Olimpiada eyforiyasidan real hayotga qaytamiz.
Hurmatli propiskasiz nodavlat tashkilotlari xizmatchilari! Biz uchun ham Toshkent shahrida "vaqtincha propiska" ochilganini ma'lum qilaman. Tayyorlanadigan hujjatlarni yana bir bor eslatib o‘tsam:

1. IIV tomonidan belgilangan namunadagi ariza (Buni “stol uslug”da to‘ldirib berishadi. Xizmat pulli: 8000 so‘m).
2. Uy egasi nomidan ariza (Buni “stol uslug”da to‘ldirib berishadi).
3. Manzil varaqasi (Adresnyy listok pribytiya) (Buni “stol uslug”da to‘ldirib berishadi).
4. Fuqaroning pasporti va pasport nusxasi.
5. Kazarma, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan xizmatchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofitserining yoki shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi.
6. Bolalarni ro‘yxatga qo‘yish uchun, agar ular 16 yoshga to‘lmagan bo‘lishsa, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari hamda 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat.
7. Uyning kadastr hujjatlarining nusxasi.
8. Uyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi (oldi-sotdi yoki hadya shartnomasi, Davlat orderi, meros guvohnomasi, hokimlik qarori va hokazo).
9. Uy egasining pasport nusxasi.
10. Davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiya (2600 so‘m, o‘sha yerdagi kassaga to‘laysiz).
11. Notarius tomonidan tasdiqlangan ijara shartnomasi nusxasi.
12. Fuqaro yaqin qarindoshlarini (ota-ota farzandlarini, farzandlar ota-onasini, er xotinini, xotin erini) vaqtincha ro‘yxatga qo‘ydirayotgan bo‘lsa, yaqin qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjatlar.
13. Ijaraga turuvchining ishxonasidan uni “vaqtincha propiska”ga qo‘yish to‘g‘risida rasmiy iltimosnoma-xat.

“Stol uslug”da bu hujjatlarni taxlatib olgach, (albatta) uy egasi bilan birgalikda tuman Xorijga chiqish, kirish, fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i xonasiga kirasiz. U hujjatlar bilan tanishib chiqqach, yo‘llanma beradi. 

Keyin hujjatlarni qabul qilish xonasi oldidagi maxsus xonada sizni old va ikki yon tomondan suratga olishadi. Qo‘lingizga qora moy surtib, barmoq izlaringizni olishadi (o‘zingiz bilan nam salfetka olishni unutmang). Surat va barmoq izi olingani haqidagi ma'lumot ham hujjatlarga kiritiladi. Shundan so‘ng hujjatlarni qabul qilish xonasiga kirib, qog‘ozlarni topshirasiz. Uch kunda tayyor bo‘ladi, deyishyapti.

Sabr va omad!

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid