Jamiyat | 19:05 / 27.08.2016
19895
3 daqiqa o‘qiladi

Bu yil haj safariga jo‘nagan o‘zbekistonlik hojilar o‘z taassurotlarini izhor etishdi

Islom dinining besh ruknidan biri bo‘lgan Haj ibodatini amalga oshirish niyatida mamlakatimizdan Saudiya Arabistoniga uchib ketgan yurtdoshlarimiz qalblari o‘zgacha sururga to‘lib, ziyoratlarini amalga oshirishda davom etmoqdalar. Boisi bu yerdagi qulay shart-sharoitlar, ibodatlarni emin-erkin bajarishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar yuqori darajada. 

Bir necha yildan buyon ushbu ziyoratni niyat qilib, mana bu yil orzusi ushalgan mo‘'tabar onaxonlarimiz o‘z taassurotlarini biz bilan o‘rtoqlashdilar:  “Avvalambor, bizga muborak Haj safarini nasib aylagani uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz”, deydi Dilara aya Ahmedova. “Shu bilan birga yurtimizda istiqlol va hurlik sabab bugun mana shunday muqaddas shaharlarga tashrif buyurdik. Avvallari ota-bobolarimizga armon bo‘lgan Haj ibodatini erkinlikda amalga oshirmoqdamiz, biz uchun yaratilgan qulay imkoniyatlarni sanab adog‘iga yetolmaymiz. Ayniqsa, go‘zal O‘zbekistonimizning 25 yillik to‘yi arafasida bu bizga juda katta sovg‘a bo‘ldi. Buning uchun muhtaram Prezidentimizga tashakkur”.

Ziyoratchilarimizdan Mavluda aya Nigmanovaning ko‘zlarida ham sevinch yoshlari. Onaxon buning sababini quyidagicha izohlaydilar: “Bu yerga butun yer yuzidan mo‘min-musulmonlar tashrif buyurgan. Bir jihat borki, men qatori barcha yurtdoshlarimizni juda quvontiradi. Ko‘chalarda yurar ekanmiz, biz Buxoriy yurtidanmiz desak, hamma bizga o‘zgacha ehtirom ko‘rsatadi. Buxoriyning yurtdoshlari, deya havas bilan boqishadi. Ana shunda qalbimiz faxr va iftixor tuyg‘usiga to‘ladi. Buxoriyning vorislarimiz deya g‘ururlanib qo‘yamiz. Bu ham istiqlolimizning in'omi, desak yanglishmaymiz. Boisi istiqlol sabab bizni butun dunyo tanidi. Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Marg‘inoniylarning avlodlari ekanimizni jumlai jahon tan oldi”. 

Ha, O‘zbekistondan tashrif buyurgan har bir ziyoratchining tiliyu dilida bugun shu fikrlar. Muqaddas shaharlarda elimizga tinchlik va totuvlik tilab duolar qilmoqdalar. Ularning ibodatlari Yaratgan huzurida qabul bo‘lishini tilab qolamiz.

Manba: Ziyo.uz

Mavzuga oid