Jamiyat | 00:26 / 31.08.2016
16826
2 daqiqa o‘qiladi

11 yoshli hind qizi Gang daryosi bo‘ylab 570 km suzib o‘tishga otlandi

Hindistonning Kanpur shahrida yashovchi 11 yoshli Shraddxa Shukla hindistonlik olimpiyachilarning g‘alabalaridan ilhomlanib, milliy rekordni yangilash maqsadida Gang bo‘ylab 570 km suzib o‘tishga otlandi. 

Jasur qizchaning hisob-kitobiga ko‘ra, Kanpur-Varanasi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tadigan yo‘lni suzib o‘tish uchun unga 10 kun talab etiladi va u har kuni kamida 60 km suzib o‘tmoqchi. Bu esa 13 ta olimpiya marafoniga teng. Har 4-5 soatda qizchaning dam olishi ko‘zda tutilgan.  

Qizcha suzishni boshlashdan oldin hech ham xavotirlanmayotgani va bu noodatiy aksiyasi bilan suzishni yurtida nafaqat ommalashtirmoqchi, balki Gang daryosining ayanchli ekologik ahvoliga jamoatchilikning e'tiborini qaratishga umid qilayotganini aytgan. 

Qizchaga uzoq yo‘lida murabbiy otasi, shifokor va 4 nafar g‘avvos hamrohlik qiladi. G‘avvoslar qizchaning atrofida unga Gangdagi timsohlar hamla qilmasligi uchun himoya to‘rini olib boradilar. Qizcha timsohlar bilan uchrashmaslik uchun, shuningdek, kunning yorug‘ qismida, ya'ni soat 5 dan 19:30 gacha suzadi. 

Qizchaning aytishicha, bundan keyin u Fransiya va Buyuk Britaniyani bog‘lovchi La-Mansh bo‘g‘ozidan suzib o‘tmoqchi. So‘ngra esa o‘z davlati nomidan Olimpiadada ishtirok etmoqchi. 

Shraddxada suzishga ishtiyoqni uning bobosi Munnu Shukla uyg‘otgan. Professional g‘avvos bo‘lgan Shukla o‘zining yagona nabirasini suzishga 2 yoshida o‘rgatgan. Hozirda qizchaning sinfdoshlari uni suv parisi deb ataydilar va undan suvda o‘zini qanday to‘g‘ri tutish haqida maslahat so‘rab turadilar.

 

Mavzuga oid