Jahon | 12:29 / 12.09.2016
9504
2 daqiqa o‘qiladi

Klinton sog‘ligidagi muammo tufayli Kaliforniyaga safarini bekor qildi

AQSh prezidentligi uchun Demokratlar partiyasidan nomzod bo‘lmish Hillari Klinton saylovoldi kampaniyasi doirasida Kaliforniyaga uyushtirishi kerak bo‘lgan safarini o‘ziga pnevmoniya tashxisi qo‘yilganidan keyin bekor qildi. Bu haqda uning shtabidagi manbaga asoslangan holda Reuters xabar tarqatdi.

Rejaga ko‘ra Klinton 12 sentabr kuni Kaliforniyaga borib, bu shtatda 2 kun bo‘lishi kerak edi. U saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ish maqsadidagi bu safari davomida iqtisodiyotga bag‘ishlangan nutqlar bilan chiqish qilishi kutilayotgandi.

11 sentabr kuni Nyu-Yorkda 2001 yilgi terakt qurbonlari xotirasiga o‘tkazilgan xotira marosimi vaqtida Klinton xonim o‘zini juda yomon his qila boshladi. Shundan so‘ng, u marosimni barvaqt tark etdi. U avtomobilgacha mustaqil yetib bora olmadi. Nomzodning yiqilayozgani va oyog‘idagi tuflisi tushib qolgani tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Avvaliga uning shtabidagilar buni issiq urishi bilan izohlashgandi.

Ko‘p o‘tmay, shaxsiy shifokor Hillari Klintonda pnevmoniya borligini ma'lum qildi. U bir necha kundan beri nomzod yo‘talayotgani haqida qo‘shimcha qilgan.

6 sentabr kuni Klinton xonim Ohayo shtatidagi Klivlend shahrida qilgan chiqishi vaqtida yo‘tal tutishi tufayli, 4 daqiqa davomida nutq qila olmay qolgandi. O‘shanda u vaziyatdan chiqish uchun, "Trampni eslasa, allergiyasi qo‘zishi" haqida aytib, hazil qilgandi.

Mavzuga oid