O‘zbekiston | 17:44 / 12.09.2016
42742
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘yib, Tatyana Karimovaga hamdardlik bildirdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bugun O‘zbekistonga ishchi tashrifi davomida Samarqandda Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Nursulton Nazarboyev Samarqanddagi Hazrati Xizr masjidi hududidagi Islom Karimov qabriga gullar qo‘ydi va Islom Karimovning oila a'zolariga hamdardlik bildirdi.

Qozog‘iston rahbari yig‘ilganlarga yuzlanib, Islom Karimov bilan uzoq yillar davomida do‘st bo‘lib kelgani, u bilan hamisha bir-birini yaxshi tushungani haqida so‘zlagan.

"Ishonaman, o‘zbekistonliklarning keyingi avlodi hamisha Islom Karimovni yodda saqlaydi. Uning merosi, davlat arbobi sifatidagi faoliyatidan qozonilgan tajribalar kelgusi avlod tomonidan o‘rganiladi. U amalga oshirgan ishlar esa o‘zbek xalqi tarixiga oltin harflar bilan bitiladi. U butun dunyoga xalq farovonligi uchun mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirgan islohotchi sifatida ma'lum siyosiy yetakchi edi. Biz buyuk insonni yo‘qotdik", degan Nursulton Nazarboyev.

Nursulton Nazarboyev O‘zbekistonning birinchi prezidenti ikki xalqning tarixiy aloqalari mustahkamlanishidagi o‘rnini e'tirof etgan.

"Qozoq va o‘zbek xalqlari har doim bir-biriga yelkadosh bo‘lgan. Biz Islom Abdug‘aniyevich bilan 1998 yili Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi oldida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaganmiz va bizning munosabatlarimiz har doim shu bitimga asoslangan. Qozog‘iston har doim o‘zbek xalqining yonida bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi", deya qo‘shimcha qilgan Nazarboyev.

Shuningdek, qo‘shni davlat rahbari ishchi tashrif davomida O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan alohida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid