Fan-texnika | 16:25 / 15.09.2016
8551
2 daqiqa o‘qiladi

iPhone 7 sintetik sinovlarda MacBook Air 2015'ni ortda qoldirdi

Geekbench ilovasidagi sintetik sinovlarga ko‘ra, iPhone 7 MacBook Air noutbuklarining 2015 yilgi so‘nggi liniyasi modellaridan qolishmaydi. Bu haqida  Daring Fireball nashri ma'lum qildi. 

Geekbench testlarida iPhone 7 qurilmasi protsessorning bir yadrosida ishlash bo‘yicha 3 450, ko‘p yadroli konfiguratsiyada esa - 5 630 ochko to‘pladi.

Manbada ta'kidlanishicha, iPhone 7 birinchi ko‘rsatkich bo‘yicha  Android-top smartfonlardan ikki barobar kuchli, ikkinchisi bo‘yicha esa - raqiblaridan sezilarli darajadagi farq bilan mutloq yetakchilik qiladi. 

iPhone 7'da to‘rt yadroviy A10 Fusion chipi qo‘llanadi, unda 2ta energiya tejovchi yadro 1,05 GGts chastotada, 2ta yuqori unumli yadro esa - 2,34 GGts chastotada ishlaydi. Tizim bajarayotgan vazifasiga qarab, avtomatik ravishda biridan ikkinchisiga o‘tadi.

Apple xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, iPhone 7 smartfoni iPhone 6s'ga nisbatan 40 foiz, iPhone 6'ga nisbatan esa 100 foiz tezroq ishlaydi. 

iPhone va MacBook protsessorlari qurilishiga ko‘ra bir xil emas, shu bois ularni sintetik sinovlarda taqqoslash u qadar to‘g‘ri bo‘lmasligi va bu real sinovdan farq qilishi mumkin.

Avgust oyining oxirida jurnalistlar real sinovlarda (bir xil vazifalarni ketma-ketlikda bajarish) Samsung  kompaniyasining Galaxy Note 7 qurilmasi iPhone 6s'dan sekinroq ishlashini ta'kidlashgan (iPhone 7'ni-ku gapirmasa ham bo‘ladi). Sintetik sinovlarda esa bu qurilma real sinovga nisbatan yuqori natijani qayd etgan. 

Mavzuga oid