O‘rta Yer dengiziga qulagan EgyptAir samolyoti qoldiqlarida portlovchi modda izlari aniqlandi
Fransiya jinoiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari joriy yilning may oyida O‘rta Yer dengiziga qulagan EgyptAir aviakompaniyasi samolyotining qoldiqlarida portlovchi modda – trotil izlarini aniqlashdi. Bu haqda 16 sentabrda Le Figaro nashri ma'lum qildi.
Izlar o‘tgan hafta aniqlangan, ularning kelib chiqishi noma'lum. Misr sudi fransiyalik mutaxassislarga qoldiqlarni batafsilroq o‘rganishga ruxsat bermadi.
Shu bilan birga terakt uyushtirilgani haqida gapirishga hali ertalik qiladi.
16 iyulda samolyotning qora qutisi qulashidan oldin ekipajning o‘zaro suhbatida yong‘in haqida eslab o‘tilganini qayd qilgani ma'lum bo‘lgandi. 5 iyulda uchuvchilardan biri fojiadan bir necha daqiqa oldin samolyot bortidagi kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan alangalanishni o‘chirishga harakat qilgani ma'lum qilingandi.
Taxminlardan biriga ko‘ra, samolyotning qulashiga ekipajning yong‘in haqidagi yolg‘on signalga javob berishi olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Parijdan Qohiraga uchib ketayotgan Airbus A320 layneri 19 may kuni radarlar ekranidan g‘oyib bo‘lgan. Keyinroq samolyot dengizga qulagani ma'lum bo‘lgan. Samolyotda 12 davlat fuqarosi: 56 yo‘lovchi, 3 nafar xavfsizlik xizmati xodimi va ekipajning 7 a'zosi bo‘lgan.