O‘zbekiston | 18:24 / 22.09.2016
31511
3 daqiqa o‘qiladi

Sobiq TTZ modernizatsiya qilinmoqda

Toshkent qishloq xo‘jalik texnikalari zavodini (sobiq Toshkent traktor zavodi – TTZ) modernizatsiya qilish va qaytadan texnologik jihozlash ishlari boshlandi. Bu haqda nuz.uz sayti xabar bergan.

Kompaniyadagilarning ma'lumotiga ko‘ra, ushbu maqsadlar uchun «Asaka» bankining Toshkent shahar filialidan olingan 60,5 milliard so‘m (20 million dollardan ortiq) mablag‘ ajratiladi.

Ilgariroq Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Boqiyev Sputnik O‘zbekiston muxbiriga eski zavod hududida 2014 yildan buyon agrar sektori uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Toshkent qishloq xo‘jalik texnikalari zavodi faoliyat ko‘rsatayotganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, korxona quvvatini bir nechta bosqichda modernizatsiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, 2019 yilda nihoyasiga yetadi.

O‘zbekiston va Germaniyaning CLAAS kompaniyasi zavodning texnik va texnologik qayta jihozlanishi uchun 50 million dollardan ortiq mablag‘ni yo‘naltirish bo‘yicha kelishib olgan. Nemis kompaniyasi asosiy investor hisoblanadi.

Rasmiy prognozlarga ko‘ra, korxonaning modernizatsiya qilinishi bir necha bosqichda olib boriladi va 2019 yilning oxirida yakunlanadi.

2016-2017 yillarda olib boriladigan birinchi bosqichda korxonada nemis kompaniyasining turli qishloq xo‘jalik texnikalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kengaytirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

2018-2019 yillarda ikkinchi bosqichda quyish sexi, butlovchi qismlarni muhrlash liniyasi, transmissiyalar uchun quyma qismlar ishlab chiqarish sexlari texnologik qayta jihozlanadi, shuningdek O‘zbekiston qishloq xo‘jalik korxonasi bazasida CLAAS kompaniyasi bilan birgalikda qo‘shma korxona tashkil etiladi va dvigatellar yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu loyihaga bosh pudratchi sifatida «Yuksak qurilish savdo» MChJ tanlangan.

2015 yil boshida sobiq TTZ bankrotligi haqida e'lon qilingandi. Mahalliy nashrlar korxona zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmagani, mahsulotlarning ichki bozorda kam sotilishi, eksport ulushi esa atigi 20 foiz ekani haqida yozgandi. 2015 yilning martida Toshkent xo‘jalik sudi O‘zbekistondagi eng yirik qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonasi bo‘lmish «Toshkent traktor zavodi» aksiyadorlik jamiyatiga bankrotlik tamoyili uchun sanksiya bergandi.

Toshkent traktor zavodi 1942 yilda qurilgan. Urush yillarida zavodda harbiy texnikalar ishlab chiqarilgan. Urushdan keyin esa O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun traktorlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Uning loyihaviy quvvati yiliga 12 mingta traktor va 13 mingta tirkama ishlab chiqarish hisoblanadi.

Shu yilning avgust oyida Toshkent qishloq xo‘jalik texnikalari zavodi rahbari B. Ishmetov xorijiy ustav kapitaliga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tufayli lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid