Jahon | 14:35 / 23.09.2016
17153
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va AQShning Suriya bo‘yicha kelishuvi asosiy bandlari oshkor etildi

Associated Press agentligi AQSh va Rossiyaning Suriya bo‘yicha kelishuvlari to‘plamiga kiruvchi hujjatni e'lon qildi. Quyida uning asosiy jihatlarini havola qilamiz. 

«Rossiya va AQSh (kelgusida — tomonlar) Halab hududida alohida qat'iyatlik ko‘rsatib, Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun qo‘shma choralar ko‘rish niyatida. IShID, «Jabhat an-Nusra» va haqiqiy muxolifat chegaralarini belgilab olish, shuningdek, muxolifatni «Jabhat an-Nusra»dan ajratish asosiy vazifadir», — deyiladi hujjatda. 

Keyingi bandlarda, tomonlar sulh muddati va uning boshlanish shartlarini hamda Kastello yo‘lidan xavfsiz foydalanish tartibini yo‘lga qo‘yish choralarini aniqlab olishgan.
 
Xususan, hukumat va muxolifat kuchlarini ortga olib ketish masalasiga oydinlik kiritilgan. Hujjatga ko‘ra, tomonlarning hech biri raqib tomon tashlab ketgan hududni egallashga haqli emas. Chunki, bu yerlar harbiysizlashtirilgan hududlarga aylantiriladi. 

Tomonlar, Suriya armiyasi va muxolifat kuchlarining majburiyat va imkoniyatlari xususida ham kelishib olgan. 

«Muxolifat «Jabhat an-Nusra» kuchlarining harbiylardan xoli hududni egallab olmasligi uchun barcha choralarni ko‘radi», — deyiladi hujjat matnida. 

Bundan tashqari, Halabni Kastello yo‘li bo‘yicha tark etishni istagan barcha suriyaliklar, shu jumladan haqiqiy muxolifat a'zolari ham barcha qurol aslahalari va og‘ir texnikasini ham olgan holda chiqib ketishi mumkinligi ta'kidlangan. 

Shu bilan birga, AQSh va Rossiya Qo‘shma ijroiya markazni tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Bu yerda, ikki tomon harbiylari terrorchilarga zarba berish bo‘yicha amaliyotlarni muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi. 

9 sentabr kuni AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Jyenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida, Suriya masalasida besh to‘plamdan iborat kelishuv shartlarini qabul qilgan edi. 

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘sha hujjatlardan birining oshkor etilishini «bu amerikalik hamkasblar uslubida» deya izohlagan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya kelishuvlarning barchasini oshkor qilishni yoqlamoqda. 

Mavzuga oid