O‘zbekiston | 19:39 / 23.09.2016
13202
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Jahon Salomatlik reytingida MDHda birinchi o‘rinda

O‘zbekiston tibbiyot, salomatlik va hayot bilan bog‘liq barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyo reytingida 55 o‘rinni egalladi. Mazkur reyting natijasi Britaniyada chop etiladigan The Lancet jurnalida e'lon qilingan.

Ushbu hujjat 33ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholangan ballar yig‘indisiga ko‘ra hozirlangan. 

Mamlakatlar salomatlik borasidagi farqini aniqlashda – bolalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limi, yo‘l-transport hodisalaridagi o‘lim hollari, bolalarning ortiqcha vaznga egaligi, alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlari iste'moli darajasi, OIVni yuqtirganlar soni, tuberkulyoz va gepatit B kasalligi bilan xastalanganlar va o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq raqamlarga e'tibor qaratilgan. 

Har bir mamlakatdagi vaziyatni hisoblash uchun 1990-2015 yillardagi raqamlar taqqoslangan. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston jahon reytingida 188 mamlakat orasida 55 o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, O‘zbekiston respublikasi MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda. 

MDH mamlakatlari orasida O‘zbekistondan keyingi o‘rinni Turkmaniston egallagan (60-o‘rin). MDHning boshqa a'zolari quyidagicha o‘ringa joylangan: Ozarbayjon (75), Moldova (80), Qozog‘iston (85), Armaniston (86), Tojikiston (99), Qirg‘iziston (113), Ukraina (118), Rossiya (119) va Belorussiya (120).

O‘zbekistonga ayrim jihatlar bo‘yicha eng yuqori (100) yoki unga yaqin ball qo‘yilgan. Xususan, «akusherlar kuzatuvida tug‘ish» bo‘yicha 100 ball, «Kasalliklarni tibbiy profilaktika qilish» - 93 ball, «Havoning ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklar» - 89 ball, «Oilani rejalashtirish va reproduktiv yosh» - 84 ball, «Chekish» va «Ifloslangan suvni iste'mol qilishdan yuquvchi kasalliklar» - 81 ballga ega bo‘lgan.

Mazkur reytingda Islandiya birinchi o‘ringa joylashtirilgan. Birinchi beshlikka, shuningdek, Singapur, Shvetsiya, Andorra va Buyuk Britaniya kirgan. 


 

Mavzuga oid