Jamiyat | 15:54 / 27.09.2016
28022
4 daqiqa o‘qiladi

Munosib kuyov tanlash haqida hikoya

Marv shahrida Nuh ibn Maryam ismli kishi yashab o‘tgan. U Marv hokimi va qozisi bo‘lgan. Uning ko‘p mol-dunyosi va go‘zal qizi bor edi. Qiziga kazo-kazolardan sovchilar kelar, lekin hammasiga rad javobi berilardi. Uning o‘zi ham kim bilan quda bo‘lishini bilmay qiyin ahvolda qolgan edi. Bu haqda Mehrob.uz sayti hikoya qiladi.

Uning yana mevalarga to‘la katta bog‘i bor edi. Nuh ibn Maryam boqqa Muborak ismli hind qulini jo‘natar ekan: "O‘sha bog‘ni yaxshilab qo‘riqlagin", dedi. Muborak bog‘da ikki oy xizmat qildi.

Bir kuni Nuh boqqa keldi-da, quli Muborakka uzum olib kelishni buyurdi. Olib kelgan uzumni yeb ko‘rib, mevaning nordonligini va boshqa uzum olib kelishni aytdi. Olib kelingan ikkinchi bosh uzum ham shirin emas ekan. Shunda xo‘jayin quli Muborakdan so‘radi: "Nega shunday katta bog‘dan menga faqat achchiq uzum olib kelyapsan?" Qul javob berdi: "Chunki men qaysi uzum shirin-u, qaysinisi nordonligini bilmayman". Xo‘jayin: "Yo, Alloh! Sen bu bog‘da ikki oy yashab, qaysi uzum qanaqaligini o‘rganmadingmi?” – dedi. Qul dedi: "Allohga qasamki, men hech qaysi uzumni tatib ko‘rmadim". "Nega yemaysan?" Qul javob berdi: "Chunki siz menga bog‘ni qo‘riqlashni buyurdingiz".

Hokim hayratda qolib, dedi: "Alloh sening sofligingni yo‘qotmasin!" 

U yigitning juda aqlli ekanligini bilib, dedi: "Ey, Muborak, sen menga yoqib qolding. Aytgan buyrug‘imni bajarasanmi?". Muborak tasdiqlagach, Nuh ibn Maryam dedi: "Mening bir qizim bor. Ko‘p kishilardan sovchilar keldi. Qizimni kimga berganim to‘g‘riroq bo‘ladi?" Qul javob berdi: "Johiliyat davridagi butparastlar ajdodlari bilan faxrlanardilar, yahudiy va nasorolar husnga qiziqadilar, ammo Allohning Payg‘ambari zamonlarida imon va taqvoni qidirganlar, bizning davrimizda esa, boylik odamlarga yaqin bo‘lib qoldi. Shu to‘rttasidan o‘zingiz tanlang?" Shunda hokim unga dedi: "Muborak, men taqvo va imonni tanladim. Va senga o‘z qizimni nikohlab beraman". Qul unga javoban dedi: "Ey, janob! Men qora, hind qul bo‘lsam. Meni o‘z pulingizga sotib olgan bo‘lsangiz?" Hokim uni yetaklab uyiga olib keldi va xotiniga dedi: "Bu yigit taqvoli, Allohdan qo‘rqadigan odam ekan. Men unga qizimizni bermoqchiman. Sen nima deysan?" Onasi qiziga otaning qarorini aytganda, qiz: "Men sizlar nima desangiz shuni qilaman. Alloh va sizlarning ra'yingizga qarshi bormayman", dedi.

Shunday qilib Muborak hokimning qiziga uylandi. Ular o‘g‘il ko‘rib ismini Abdulloh qo‘ydilar. Bu zot butun Islom olamida Abdulloh ibn Muborak nomi bilan mashhur olim, muhaddis bo‘lib yetishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid