Jamiyat | 13:10 / 29.09.2016
84550
11 daqiqa o‘qiladi

Bugungi kunning muhim savoli – Grin-karta nima?

Shu kunlarda, ko‘cha-ko‘yda “Green Card, Grin karta to‘ldiramiz, AQShda qonuniy yashashni istaysizmi?”, kabi turli xil e'lonlar ko‘pchilikning e'tiborini tortgan bo‘lishi shubhasiz. Aksariyat kishilarning bu nima ekanidan yuzaki xabari bor, ayrimlar nima ekanini bilishmaydi. Biz mazkur qoralamada, mazkur masalaga atroflicha to‘xtalishni niyat qildik. 

Grin-karta — bu fuqaro shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma – United States Permanent Resident Card bo‘lib, u AQShda vaqtincha yashash va ishlash huquqini taqdim etadi. 

Uning yordamida siz:

     -     AQShning istalgan shtatida istiqomat qilishingiz;
     -     ishlashingiz;
     -     ko‘chmas mulkka ega bo‘lishingiz;
     -     davlat maktabida ta'lim olishingiz yoki farzandingizning ta'lim olishi;
     -     mahalliy haydovchilik guvohnomasini olishingiz;
     -     AQSh Qurolli kuchlarining ayrim turlariga xizmatga kirishingiz;
      -    ijtimoiy sug‘urta, yoshga oid va yoki mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha moliyaviy       
           yordam olishingiz, keksa yoshli kishilarga taqdim etiladigan tibbiy sug‘urta  
           bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘lishingiz mumkin.

Vaqti kelganda esa, 

-  mahalliy huquq imkon berganida, fuqarolikni olish uchun ariza topshirishingiz;
-  turmush o‘rtog‘ingiz yoki rafiqangiz va farzandlaringiz uchun viza taqdim etishlarini so‘rab murojaat qilishingiz;
-  ayrim shartlarni bajarish bilan mamlakatdan chiqib, qaytib kirishingiz mumkin bo‘ladi.

Grin-karta egasi ta'bir joiz bo‘lsa, tantanali ravishda quyidagi majburiyatlarni ham o‘z zimmasiga oladi.

-  daromad solig‘i to‘laydi;
-  agar u 18-26 yoshdagi erkak kishi bo‘lsa, armiyada xizmat qilish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tadi;
-  o‘zining muhojirlik maqomiga rioya qiladi;
-  doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni o‘z yonida olib yuradi;
-  boshqa joyga ko‘chsa, immigratsiya xizmatini xabardor qiladi.

Xo‘sh, Grin-karta sohibi bo‘lish uchun nima qilish lozim?

1.  AQSh fuqarosi bilan nikohdan o‘tish mumkin. Nikoh orqali grin-kartali bo‘lish uchun uning (nikohning) fuqarolik va immigratsiya masalasi bo‘yicha haqiqiy ekani tasdiqlanishi kerak. Masalan, to‘ygacha va to‘ydan keyingi fotosuratlar, hamkorlikdagi bank hisob raqamlari, chop qilingan elektron maktublar, telefon qo‘ng‘iroqlari suhbatlarining rasmiy ro‘yxati, umumiy mol-mulk mavjudligiga oid hujjatlar kabilar.

2.  Oila bilan qayta birlashish. AQSh grin-kartasi AQSh fuqarosining yaqinlariga ham taqdim etilishi mumkin. Yaqin qarindoshlar toifasiga: turmush o‘rtoq; 21 yoshgacha bo‘lgan, ammo oila qurmagan farzandlar; ota-onalar; 21 yoshdan katta aka-uka va opa-singillar kiradi. Shuningdek, xorijiy diplomatning bevasi va uning AQShda tug‘ilgan farzandining Grin-karta taqdim etish to‘g‘risidagi murojaati ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

3.  Amerika ish beruvchisining arizasi bilan ishga yollanish. Albatta, bunda kompaniya xorijiy ishchini ishga yollash uchun AQSh Federal xizmatining roziligini olishi hamda AQSh fuqarolik va immigratsiya ishlari bo‘yicha xizmatiga H1B ishchi vizasini taqdim etishi uchun ariza topshirishi kerak bo‘ladi. Ayni shu narsa mutaxassisga grin-karta egasi bo‘lishga imkon beradi.

4.  Siyosiy boshpana so‘rash. Qochqin maqomini olish uchun siyosiy, irqiy yoki diniy jihatdan ta'qibga uchragani yoki uchrayotganini isbotlovchi jiddiy dalillar keltirish lozim bo‘ladi. Bunday arizani AQShda bo‘la turib yoki uning elchixonasiga topshirish mumkin. 

5.  Yoki, so‘nggi imkoniyat – diversifikatsiya lotereyasida g‘olib bo‘lish.

Diversifikatsiya lotereyasi? Bu yana nimasi, dersiz?

Diversifikatsiya lotereya — bu AQSh aholisining madaniy-etnik turli-tumanligini ko‘paytirish maqsadida mamlakatga kam ko‘chib kelayotgan turli millat vakillariga jami 55 000ta vizani taqdim etish bo‘yicha yillik tanlovdir. Arizalar yilning oktabr oyida boshlanib, bir oy atrofida qabul qilinadi. Uning rasmiy javobini kelgusi yilning may oyidan e'tibor tekshirish mumkin bo‘ladi. Mazkur lotereya qisqartirilgan shaklda DV (Diversity Visa – mana shu bizning yurtimizda Grin karta nomi bilan mashhur) deb nomlanadi.

Bu lotereyada qanday ishtirok etish mumkin?

Mazkur tanlovda qatnashish istagida bo‘lganlar sudlanmagan, hech bo‘lmaganda o‘rta ma'lumotli (kollej yoki litseyni tamomlagan, yoxud 11 yillik maktab ta'limini tugatgan bo‘lishi kerak), ijtimoiy xavfli kasalliklar hamda immigratsiya qonunchiligini buzish bilan bog‘liq holatlarga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishi kerak. 

Ushbu dasturda ayrim davlatlardan tashqari barcha mamlakatlar fuqarolari qatnasha oladi. DV-2018 lotereyasiga kiritilmagan davlatlar quyidagilar: Bangladesh, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vetnam, Haiti, Dominikan Respublikasi, Hindiston, Kanada, Xitoy, Kolumbiya, Meksika, Nigeriya, Pokiston, Peru, Salvador, Filippin, Ekvador, Janubiy Koreya, Yamayka.

Dastur ishtirokchisiga aylanish uchun AQSh fuqarolik va immigratsiya xizmatining rasmiy saytida maxsus anketani tarjimai holiga oid ma'lumotlar bilan onlayn to‘ldirishi lozim. Anketaga, saytda ko‘rsatilgan maxsus o‘lchamdagi surat (oilali bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i va 21 yoshgacha bo‘lgan farzandlarining ham suratlari) havola qilinadi. 

Grin-karta lotereyasida g‘olib bo‘lish imkoniyatlari qanday?

Arizalar raqamlari har safar o‘zgarib, avtomatik tarzda qisqarib boradi. Aynan qayta raqamlash tasodifiy tanlovning asosiy jihatidan biridir. Biroq, ijobiy natijalar statistikasiga ko‘ra, bu ayrim mamlakatlarning g‘alaba qozonish borasidagi imkoniyatlarini kamaytiradi. Shu bois, g‘alaba qozonish ehtimoli mintaqaga bog‘liq ravishda 0,5 foizdan 1 foizgachani tashkil etadi. G‘oliblarni tasodifiy tanlov asosida kompyuter aniqlaydi. Ammo, DV lotereyasini yutib olish, grin karta sohibi bo‘lishni anglatmaydi. Buning uchun hali ko‘p ter to‘kish talab etiladi. Hujjatlar to‘plami, tibbiy ko‘rik va konsullikdagi suhbat chog‘ida g‘oliblarning 3dan ikki qismi saralanadi. Shu bilan birga, diversifikatsiya lotereyasida ishtirok etish uchun har yili ariza topshirish mumkin. 

Mazkur dasturga ariza topshirishingiz sizning AQSh sayyohlik vizasini olishingizga to‘sqinlik qilishi mumkinmi? Albatta, aslida, bu holat sizda Qo‘shma Shtatlarda qolish istagi borligini anglatadi. Biroq, 2009 yildan e'tiboran, sayyohlik anketalarida DV lotereyasida ishtirok etganlik to‘g‘risidagi savol olib tashlangan va shunga ko‘ra, sayyohlik vizasi olishda rasman to‘sqinlik qilmasligi kerak. 

Lotereya natijasini esa, AQSh davlat departamenti saytidagi lotereya natijalarini tekshirish maxsus havolasidan o‘tish orqali tekshirish mumkin. Bunda siz anketani to‘ldirgan vaqtingizda berilgan raqamni va boshqa shaxsiy ma'lumotlarni kiritishingiz talab etiladi. Masalan, DV-2017 lotereyasi ishtirokchilari 2016 yil 3 maydan 2017 yil 30 sentabrga qadar o‘z natijasini tekshirishi mumkin. 

Aytaylik, siz DV lotereyasida g‘olib bo‘lgansiz. Endi nima qilish kerak?, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Hozirda, bu masala bilan bog‘liq xizmatni taklif qiluvchi kishilar ko‘plab topiladi. Ammo, buni ozgina jur'at etsangiz, o‘zingiz ham uddalay olasiz. 

Ya'ni, sizning navbatdagi tashvishingiz AQSh elchixonasidagi suhbatga tayyorgarlik bo‘ladi. Buning uchun dastlab, AQSh Davlat departamenti saytida DS-260 shaklidagi — immigratsiyaviy viza anketasini to‘ldirish kerak. Shundan so‘ng, uni chop etib, o‘zingiz bilan suhbatga olib borasiz. Suhbat muddati anketa to‘ldirilgach, elektron pochta orqali ma'lum qilinadi. Ammo, suhbatgacha AQSh elchixonasi tomonidan belgilangan maxsus poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tish kerak bo‘ladi. Uning natijasi solingan konvertni faqatgina elchixona xodimi ochishi mumkin. Suhbatga borishda quyidagi hujjatlarning originali bilan birga notarius orqali tasdiqlangan tarjima nusxalari ham olib boriladi: 
Pasport, suratlar, diplom yoki ta'limni tasdiqlovchi boshqa hujjat, mehnat daftarchasi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, sudlanmagalik to‘g‘risidagi ma'lumotnoma (yoki avval sudlangan keyinchalik oqlanganlik to‘g‘risidagi sud qarori), nikoh yoki ajrim to‘g‘risidagi ma'lumotnoma, harbiy guvohnoma, bank hisob raqamlari bo‘lsa, ulardan ko‘chirma, mol-mulkining qiymatiga oid ma'lumotnoma (ayrim hollarda), ish beruvchining maktubi, moddiy kafolat maktubi kabilar talab qilinadi. Hujjatlar va tavsiyalar bilan AQSh elchixonasining har qanday saytida tanishish mumkin. Yana bir gap, suhbatga borishda yoningizda har bir kishi uchun 330 AQSh dollari miqdorida konsullik boji uchun mablag‘ olib borishni unutmang.

Va nihoyat, grin-kartani qo‘lga kiritgach nima qilasiz? Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgach, sizga AQShga kirish uchun 6 oy muhlat beriladi. Shu muddat ichida borgach, siz o‘qing, sport bilan shug‘ullaning, ishlang — siz o‘zingiz o‘ylagan niyatingizga erishish ostonasida turibsiz!

Ha aytgancha, bu yilgi lotereya o‘yiniga to‘ldirish jarayoni, ya'ni DV-2018 uchun ma'lumotlar qabul qilinishi 2016 yil 4 oktabrdan 7 noyabrgacha davom etadi. Unda ishtirok etmoqchi bo‘lganlarga omad yor bo‘lsin!

Mavzuga oid