Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston va Xorazmga tashrifi vaqtida Taxiatosh IES qurilishini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi
O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, shu bilan bir vaqtda bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 28 sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatiga tashrifni amalga oshirdi. U tashrif davomida mazkur hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi holati bilan yaqindan tanishdi. Safar to‘g‘risidagi reportaj O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi "O‘zbekiston" teleradiokanalining "Axborot" informatsion dasturi orqali namoyish etildi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston hududidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida bo‘lib, 230-280 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz uskunasining qurilishi bo‘yicha investitsion loyihaning amalga oshirilishi masalasini muhokama qilgan.
Umumiy quvvati 730 MVt dan iborat 5ta energiya blokidan tashkil topgan Taxiatosh IES shimoliy mintaqaning energiyaga bo‘lgan talabini qondiruvchi asosiy manba hisoblanadi. Stantsiya har yili 3,2 milliard kVts elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Buning uchun esa 1,15 million kub metr tabiiy gaz sarflaydi. Loyihani amalga oshirish nafaqat qimmatbaho xom ashyo sarfini sezilarli darajada qisqartirishga, balki talab doimiy ravishda o‘sib borayotgan energiyani yanada ko‘proq ishlab chiqarishga ham xizmat qiladi.
Bunda IES quvvati oshishi bilan bir qatorda, sarflanayotgan gazni 488 million kub metrga qisqartirish ham ko‘zda tutilgan. Belgilangan ishlar yakuniga yetishi bilan IES quvvati 930 MVt ga ortib, energiya ishlab chiqarish hajmi yiliga 3,3 milliard kVts ga yetadi.
Shavkat Mirziyoyev loyiha mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015 yil 18 iyundagi qarori asosida amalga oshirilayotganini eslatib o‘tdi.
"Mazkur loyihani amalga oshirmasdan turib Qoraqalpog‘iston va Xorazm sanoatini rivojlantirish imkonsiz. Prezidentimiz mazkur hudud kelajagi va yoshlarning ish bilan ta'minlanishi uchun 15-20 yilni mo‘ljallagan holda ushbu karorni qabul qilgan. Bu ishni tezlashtirish biz uchun ham qarz, ham farz", — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan "Gazeta.uz".
Shavkat Mirziyoyev Nukus shahri asosiy rejasining amalga oshirilish jarayoni bilan ham tanishgan. Muhokama chog‘ida asosiy e'tibor zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar, dam olish maskanlari, sun'iy ko‘l va suv havzalarining bunyod etilishiga qaratilgan.
Qoraqalpog‘iston faollari bilan uchrashuvda mintaqaning eksport salohiyatini oshirish, paxta va boshqa ekinlar hosilini qisqa muddatlarda yig‘ib olish, ijtimoiy obektlar va turar joy binolarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, qishloq-xo‘jalik mahsulotlarini qishga g‘amlash masalalari muhokama qilindi.
Arzon uy-joylar qurish, kommunal xizmatlar faoliyatini takomillashtirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish kabi masalalar ko‘tarildi.
Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida ham bo‘ldi. Bu yerda u yaqin yillarda Urganchda qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli turar joylar loyihalari bilan tanishib chiqdi. Shu bilan bir qatorda, qishloq joylarida kam ta'minlangan oilalar uchun individual uylar qurilishi masalasi muhokama qilindi.
Qo‘shko‘pir tumanida Prezident v. b. qishloq xo‘jaligi ishlarining borishi bilan tanishdi, fermerlar bilan yerlarning hosildorligini oshirish, suv resurslaridan to‘g‘ri foydalanish, yuqori hosildor ekinlar navlaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Xorazm faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mintaqaviy eksport ko‘rsatkichlarining oshirilishi, yangi sanoat obektlarining qurilishi, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish kabi dolzarb masalalar muhokama mavzusi bo‘lgan.
Ma'lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasining asosiy manbasi bo‘lgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida har biri 230−280 megavatt quvvatga ega 2ta bug‘-gaz qurilmasini qurish, uchta mavjud energoblokni demontaj qilish va ikkitasini zaxira uchun saqlab qolish bo‘yicha loyiha amalga oshirilish ko‘zda tutilgan. "O‘zbekenergo" davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, loyiha 678,2 million dollarga baholangan bo‘lib, jumladan Osiyo taraqqiyot bankining 300 million dollarlik va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 230,7 million dollarlik kreditlari hisobiga moliyalashtiriladi.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024