Fan-texnika | 13:51 / 30.09.2016
5073
2 daqiqa o‘qiladi

"Lose It!" ilovasi suratga qarab taomning kaloriyasini aniqlab beradi

"Lose It!" mobil ilovasi ortiqcha vaznni nazorat qilish uchun yangi funksiyaga ega bo‘ldi: uning yordamida nonushtangizni suratga olib, undagi kaloriya miqdori haqida ma'lumot olishingiz mumkin bo‘ladi.  

Fitnes bilan shug‘ullanuvchilarning sevimli ilovasi ilgari boshqa ko‘plab dasturlar qatorida xizmat ko‘rsatar edi. Foydalanuvchi o‘zining jinsi va jismoniy parametrlarini ko‘rsatishi, keyin esa kun davomida iste'mol qilingan mahsulotlarni hamda jismoniy faolligiga oid ma'lumotlarni ilovada qayd etishi kerak bo‘lgan.

"Lose It!"ning ma'lumotlar bazasi minglab mahsulot nomlari va taomning kaloriyasiga oid ma'lumotlarni o‘zida jamlagan. Shu tariqa ilova ovqatlanish tartibini nazorat ostiga olish va jismoniy mashqlar dasturini yaratishga yordam beradi. 

Ilovaning eng so‘nggi versiyasi bu jarayonni maksimal darajada soddalashtiradi. Endilikda foydalanuvchi iste'mol qilayotgan mahsulotini suratga tushirishi va ilovadan u haqidagi kerakli ma'lumotni olishi mumkin. Bundan tashqari, taomning taxminiy og‘irligini ham ko‘rsatish lozim. 

Taom suratga olinganidan keyin "Lose It!" ilovasi sun'iy intellekt va neyron tarmoqlar texnologiyalaridan foydalanib, suratni ma'lumotlar bazasidagi 100 ming tasvir bilan solishtiradi va natijani e'lon qiladi.

Ishlab chiqaruvchilarning ta'kidlashicha, bu funksiyaning aniqligi 87,3-97,1 foizni tashkil qiladi. 
 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid