Sport | 20:23 / 30.09.2016
7836
3 daqiqa o‘qiladi

"Zenit" sentabr oyida Yevropaning eng samarali futbol klubi bo‘ldi

Sankt-Peterburgning "Zenit" jamoasi sentabr oyi yakunlariga ko‘ra, Yevropadagi chempionatlar vakillari orasida eng samarali klub sifatida qayd etildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar qilgan.

"Zenit" jamoasi futbolchilari bu oydagi 6ta uchrashuvda jami 25 gol urgan. Piterliklar klubi bu borada Dortmundning "Borussiya" (6 uchrashuvda 22 gol), "Barselona" (6 uchrashuvda 21 gol), "Liverpul" (4 uchrashuvda 14 gol), "Manchester Siti" (6 uchrashuvda 18 gol) va "Feyyenoord" (4 uchrashuvda 10 gol) kabi jamoalardan yaxshiroq natija qayd etib, birinchi bo‘lgan.

Sentyabr oyida "Zenit" Rossiya chempionati doirasida "Arsenal" (5:0), "Rubin" (4:1) va "Anji" (2:2) jamoalariga qarshi o‘ynadi. Mamlakat kubogi doirasida jamoa "Tambov"ni (5:0) mag‘lub etdi. Yevropa Ligasi doirasidagi dastlabki 2 uchrashuv ham rossiyaliklar uchun muvaffaqiyatli kechdi: Isroilning "Makkabi" (4:3) va Niderlandiyaning AZ (5:0) jamoalari yirik hisoblarda taslim qilindi.

Bu reyting Ispaniya, Angliya, Germaniya, Italiya, Rossiya, Portugaliya va Fransiya chempionatlari bo‘yicha tuzilgan.

Mavsumlar oralig‘ida "Zenit"ga ruminiyalik mutaxassis Mircha Luchesku bosh murabbiy sifatida tayinlandi. U jamoa bilan ilk sovrinini qo‘lga kiritib bo‘lgan - avgust oyida Rossiya Superkubogi uchun bahsda TsSKA 1:0 hisobida mag‘lub etilgan.

Yevropa Ligasining guruh bosqichida "Zenit" 2 turdan keyin 6 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Jamoa o‘rin olgan D guruhida "Dandolk" (4), AZ (1) va "Makkabi" (0) jamoalari bor.

"Zenit" 3-turda "Dandolk" maydoniga safar qiladi, AZ esa "Makkabi"ni qabul qiladi. Bu uchrashuvlar 20 oktabrga belgilangan.

Rossiya chempionatida esa klub 8 turdan keyin 16 ochko bilan uchinchi o‘rinda joylashib turibdi. "Zenit" 8 turda 18 gol urgan va bu ichki chempionatdagi eng yaxshi natija hisoblanadi.

Manba: Tribuna.uz

Mavzuga oid