Sport | 16:37 / 09.10.2016
26161
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Futbol tarixida birinchi yashil kartochka italiyalik futbolchiga ko‘rsatildi

Foto: twitter.com/@RT_russian

Italiyalik futbolchi Kristiano Galanoga futbol tarixidagi ilk yashil kartochka ko‘rsatildi. Bu haqda Italiya «B» seriyasining tvitterdagi akkaunti orqali xabar qilingan.

Bu voqea Galano to‘p suradigan  «Vichentsa» va «Virtus Entella» klublari o‘rtasidagi o‘yinda kuzatilgan.

Galano o‘yinning 53-daqiqasida qanotdan yorib kirib, raqib darvozasiga zarba bergan. To‘p maydon tashqarisiga chiqqanida, referi «Virtus» darvozasi tomon burchak zarbasi belgilagan. Lekin Galano to‘p raqib futbolchisiga tegmaganini aytgan va burchak zarbasi bekor qilingan. Hakam Galanoga halolligi uchun yashil kartochka belgilagan. Bu protokolda qayd etilgan.

«B» seriya mavsumi boshlanishi arafasida tajriba tarzida yangi – yashil kartochkani joriy etish taklif etilgandi. Qizil va sariq kartochkalardan farqli ravishda, yashil kartochkalar rag‘batlantirish sifatida ko‘rsatiladi.

Futbolchiga yashil kartochka u o‘yin davomida munosib xatti-harakat ko‘rsatsa, qoida buzganini tan olsa, raqib futbolchisiga yordam bersa va shunga o‘xshash Fair Play amallarini bajarganida ko‘rsatiladi.

Mavsum yakunida barchadan ko‘p yashil kartochka olgan futbolchi taqdirlanadi.

Mavzuga oid