Fan-texnika | 22:30 / 14.10.2016
6226
2 daqiqa o‘qiladi

"Aqlli" chiqindi chelagi internetda mahsulotlarni buyurtirishga o‘rgatildi

Twitter.com/Connexted

Uzer fransuz kompaniyasi "aqlli" chiqindi chelagi Eugene’ni yaratdi. Chelak qanday chiqindilarni qayta ishlash, qandaylarini esa ishlab bo‘lmasligini aniqlaydi va xaridlar ro‘yxatini tuzishga yordam beradi.

Tashqi tomondan Eugene oddiy chiqindi chelagidan farq qilmaydi: u pedalga bosilganda qopqog‘i ochiladigan idishdan iborat. Biroq chelak ichida shtrix-kodlar skaneri mavjud bo‘lib, u qutidagi shtrix-kod tasvirini o‘qib, uni qanday bo‘limga, ya'ni qayta ishlanuvchi va qayta ishlab bo‘lmaydigan chiqindilar orasiga tashlashni aytib turadi. 1-bo‘lim karton, alyuminiy va tunukadan ishlangan qutilar uchun, 2-bo‘lim esa plastikdan ishlangan qutilar uchun mo‘ljallangan.

Chelak uchun smartfonga mo‘ljallangan dastur mavjud. Bu dastur orqali avvalambor turli xildagi chiqindilarning vazni hisobi olib boriladi.

Bundan tashqari, dastur kod bo‘yicha siz qanday mahsulot qutisini tashlab yuborganingizni aniqlab, sizga bu mahsulotni keyingi do‘konga borishingizda xarid qiladigan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritishni taklif qiladi. Eugene buni avtomatik ravishda ham bajarishi, hattoki mahsulotlarni onlayn-buyurtmalarga qo‘shishi ham mumkin – bu uyda mahsulotlarning yetarlicha miqdorda bo‘lishini ta'minlashda yordam beradi.

"Aqlli" chiqindi chelagiga 2017 yilda buyurtma berishni boshlash mumkin – hozircha chelak mualliflari uning ishchi prototipini namoyish qilmoqdalar. Chelakning eng katta o‘lchamdagisi narxi 299 dollar turishi aytilmoqda.