Iqtisodiyot | 10:50 / 15.10.2016
12314
2 daqiqa o‘qiladi

«Navoiy» EIIZ Markaziy Osiyodagi eng yaxshisi deb topildi

Xorijiy sarmoyalarga oid fDi Magazine nashri dunyoning eng yaxshi erkin iqtisodiy hududlari reytingini tuzib chiqdi. Ushbu ro‘yxatda birinchi o‘rin BAAning DMCC loyihasiga taqdim etilgan. U ikkinchi yil global miqyosda eng yaxshi erkin iqtisodiy hudud deb topilmoqda. Osiyoning yana bir vakili, Xitoyning Shanxay shahridagi Waigaoqiao erkin savdo hududi ikkinchi o‘rinni egallagan. 

Mazkur reytingga «Navoiy» erkin industrial iqtisodiy hududi ham kiritilgan bo‘lib, u «Markaziy Osiyodagi yilning eng yaxshi erkin iqtisodiy hududi» nominatsiyasida birinchi, «Osiyodagi eng yaxshi erkin iqtisodiy hudud» nominatsiyasida ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan. 

Bundan tashqari, «Navoiy» EIIZ «Osiyoning kichik va o‘rta biznesni jalb qilish bo‘yicha eng yaxshi erkin iqtisodiy hududi» bo‘yicha ham ikkinchi o‘rinni egallagan. 

fDi Magazine jurnali fDi Intelligence tahliliy markazi tomonidan chop etiladi va Financial Times nashriyot uyi tarkibiga kiradi. Nashr bevosita xorijiy investitsiyalar global bozoridagi tendensiyalar tahlili va prognozlariga ixtisoslashgan. 

«Navoiy» EIIZ O‘zbekiston Birinchi Prezidentining 2008 yil dekabrdagi farmoni bilan tashkil etilgan. Uning faoliyat muddati 30 yil qilib belgilangan, biroq, bu muddatni uzaytirish imkoniyati saqlab qolingan. «Navoiy» EIIZ 564 ming gektar maydonga joylashgan bo‘lib, ushbu davr mobaynida bu yerda imtiyozli bojxona, soliq va valyuta tartibi amal qiladi, kirish-chiqish va u yerda turish qoidalari soddalashtirilgan tartibda yuritiladi. Shu bilan birga, eng kam sarmoya 3 mln yevroni tashkil etsa, soliq imtiyozi qo‘llaniladi. 

Mavzuga oid