Jahon | 15:52 / 17.10.2016
22339
2 daqiqa o‘qiladi

Abdurashid Do‘stum tolibonlarning pistirmasiga duch kelib jarohatlandi

Foto: Caren Firouz / Reuters

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining birinchi o‘rinbosari, Afg‘oniston Milliy islomiy harakati partiyasi raisi va Afg‘oniston turkiy millatlar rahbari, general Abdurashid Do‘stum «Tolibon» harakati jangarilari qo‘ygan pistirmaga tushib qolgan va jarohatlangan. Bu hodisa mamlakat shimolidagi Faryob viloyati hududida ro‘y bergan. Bu ma'lumot Afg‘oniston bosh vaziri Abdulla Abdulla tomonidan ham tasdiqlangan.

Khaama Press agentligi ma'lumotiga ko‘ra, general Do‘stum jangarilar nazoratidagi Gormach tumaniga o‘z konvoyi bilan harakatlanayotganida pistirmaga duch kelgan. Qayd etilishicha, u yengil darajada jarohat olgan, uning hayotiga jiddiy xavf yo‘q.

Anadolu agentligi xabariga ko‘ra, tolibonlar hujumi oqibatida generalni qo‘riqlab borayotgan xavfsizlik xizmati xodimlaridan 15 nafari halok bo‘lib, yana 20 kishi jarohatlangan. Do‘stumning o‘zi aytishicha, u Faryobda «Tolibon»ga qarshi harbiy harakatlar holatini kuzatish uchun borayotgandi.

2015 yilda ham general Do‘stum tolibonlarning pistirmasiga tushib qolgandi.

2014 yilda Afg‘onistonning yangi prezidenti Ashraf G‘ani Ahmadzay qasamyodidan so‘ng ikki vitse-prezident − Abdurashid Do‘stum va Muhammad Sarvar Donish «Afg‘onistonning milliy manfaatlari va hududiy yaxlitligini himoya qilish» uchun tantanali qasamyod qilgandi.

O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 3 millionga yaqin etnik o‘zbeklar istiqomat qiladi. Ular pushtunlar va tojiklar bilan birgalikda Afg‘onistonning eng yirik etnik guruhlaridan hisoblanadi.

Mavzuga oid