Jamiyat | 18:26 / 17.10.2016
9467
2 daqiqa o‘qiladi

Bryusselda yashovchi alban farrosh 168 million yevro yutib olgach ishga kelmadi

O‘tgan hafta oxirida Belgiya tarixidagi eng katta miqdordagi "Yevromillionlar" lotereya mukofotini qo‘lga kiritgan bryussellik farrosh 17 oktabr, dushanba kuni ishga chiqmagan. Bu haqida Soir gazetasi ma'lum qildi. 

Lotereya sayti ma'lumotlariga ko‘ra, mukofot puli miqdori 168 million yevroni tashkil qilgan. Bu Belgiyada yutib olingan 12-mukofot bo‘lib, mamlakat tarixidagi eng yirik mukofot hisoblanadi (bundan avvalgi rekord 100 million yevrodan iborat bo‘lgan). G‘olib nomi xavfsizlik yuzasidan e'lon qilinmagan, biroq uning rasmi chop etilgan. 

Manbaga ko‘ra, g‘olib alban millatiga mansub, u - 4 nafar farzandning otasi, yoshi - 45dan oshgan. U o‘zi haqida futbol, baliqli taomlar va Robert de Niro ishtirokidagi filmlarni sevishini aytib bergan. Lotereya chiptalarini esa 10 yildan buyon sotib olishni kanda qilmagan. Mukofot pulini nimaga sarflashi haqidagi savolga u pulni nochor insonlar bilan bo‘lishishini ma'lum qilgan.   

Foto: Loterie Nationale

Lotereya o‘yini 11 oktabr kuni o‘tkazilgan. 

G‘olibning ishga kelmaganligi haqida xabar bergan hamkasblari uning kasbini tark etgani yoki unga qaytishi to‘g‘risida hech qanday ma'lumotga ega emasliklarini ta'kidlashgan. 

“Yevromillionlar” lotereyasi 2004 yilda ta'sis etilgan. Uning chiptalari Yevropaning 9 davlatida sotiladi. Chiptalar har haftaning seshanba va juma kunlari o‘ynaladi. 

Mavzuga oid