Jahon | 22:49 / 22.10.2016
7638
2 daqiqa o‘qiladi

Somali qaroqchilari 2012 yilda qo‘lga olingan 26 asirni ozod qilishdi

Foto: madplanet.ru

22 oktabr, shanba kuni Somali qaroqchilari 26 nafar asir - 4 yildan ortiq vaqt davomida asirlikda bo‘lgan Janubi-Sharqiy Osiyo dengizchilarini qo‘yib yuborishdi. Reuters agentligi shu haqda xabar berdi

"Kema ekipaji Galkayoga (Somalidagi shahar, Mudugning ma'muriy markazi) ko‘chirilgan. Shundan so‘ng dengizchilar Keniya poytaxti Nayrobiga yuboriladi", - deya ma'lum qildi mahalliy amaldorlar. U asirlar uchun to‘lov amalga oshirilgan yo oshirilmagani to‘g‘risida hech qanday ma'lumot bermagan. 

Manbada ta'kidlanishicha, ozod qilingan dengizchilar - Xitoy, Filippin, Kambodja, Indoneziya, Vetnam va Tayvan fuqarolari. Ular 2012 yilning fevralida asirlikka olingandi. O‘tgan yillar davomida asirlar qirg‘oqdagi kichik baliqchilar qishlog‘ida ushlab turilgan. 

Kema kapitani qaroqchilarning kemaga hujumi paytida o‘ldirilgan. Bundan tashqari yana ikki nafar dengizchi asirlikdagi sharoitga dosh berolmay, hayotdan ko‘z yumgan. Kemaning o‘zi esa noma'lum sabablarga ko‘ra cho‘kib ketgan. 

Agentlikning ta'kidlashicha, Somali qaroqchilarining faolligi allaqachon pasaygan. Jahon hamjamiyatining Somalidagi Afrika qaroqchilar markaziga qarshi muvaffaqiyatli harakatlaridan keyin dengiz qaroqchilarining faolligi boshqa hududlarga ko‘chdi, masalan, Nigeriyaga. Joriy yilning boshidan buyon Nigeriya qirg‘oqlarida qaroqchilarning 32 hujumi qayd qilingan. 

 

Mavzuga oid