Gul o‘rniga qurol: Suriya va Iroqdagi xotin-qizlar IShID bilan qanday kurashishmoqda?
25 oktabr kuni BMT Xavfsizlik tashkiloti mojarolarni hal etish va tinchlikni saqlashda ayollarning tutgan o‘rnini muhokama etmoqda. “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” mavzusida ochiq bahslar o‘tkazilmoqda.
Suriyalik siyosatchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda IShID bilan jangdagi ko‘ngillilarning 40 foizini ayollar tashkil etadi.
BMT Xavfsizlik kengashi Nyu-Yorkda Yaqin Sharqda ayollarning terrorchililar bilan kurashayotgani masalasini ko‘tardi. Suriyada ana shunday ayollarni “arslonlar” deb atashadi. O‘tgan yili ular Suriyaning Kobani shahri uchun, Iroq shimoli-sharqida esa Sinjar shahri uchun jang qilishdi. Bugun ayollar Yaqin Sharqda olib borilayotgan keng qamrovli janglarda ishtirok etmoqda.
«Biz — umidmiz»
IShIDning hujumi ko‘plab ayollarni uyda qolishga va erlari bilan teng holatda jang qilishga undadi. Bundan ikki yil muqaddam Suriyaning Kurdistonida ko‘ngillilar tashkiloti — Ayollar mudofaasi otryadi (kurdcha Yekîneyên Parastina Jin, YPJ) tashkil etildi. Ularning shiori quyidagicha bo‘ldi: “Bizni o‘ldirib bo‘lmaydi. Biz umidmiz”. Harakat butun Yaqin Sharq bo‘ylab yoyildi.
Terrorchilarning Iroq shimoli-g‘arbiy hududlariga, Suriya chegarasiga qilgan hujumlari oqibatida 2014 yilda ko‘plab tinch aholi vakillari o‘ldirildi va tajovuzga uchradi. Bu jinoyatlar mahalliy qizlarni larzaga soldi va ular qo‘llariga qurol olishdi.
Suriyadan, Iroqdan, Saudiya Arabistoni va Yaqin Sharqning boshqa hududlaridan kelgan 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan hamfikrlar yagona otryadga birlashishdi.
Harbiy formadagi ayollar
Otryad o‘z oldiga IShID ustidan g‘alaba qozonish bilan birga ozodlik uchun kurash, demokratik jamiyat qurish singari g‘oyaviy maqsadlar ham qo‘ygan.
Londonning Vestminster universiteti tadqiqotchisi Meral Duzgun o‘zining “Kurd ayollari harakati” deb nomlangan ishida harbiy ziddiyatlarda ayollar va erkaklar o‘rtasidagi ana'naviy tafovutni buzish kerakligini muhokama etgan.
«Kurd ayollari milliy-davlat darajasida gender chaqiruv e'lon qilishdi. Ularning kurashdagi hissalari hayotiy g‘alabaga yetaklaydi», — deb yozadi Duzgun.
Uyda o‘tirish uyat
Suriyadagi shaharlardan birida yashovchi Serekane Gulan o‘z oilasini himoya qilish maqsadida jangchilar qatoriga qo‘shildi. «Men otamni yaxshi ko‘raman. Ammo o‘z muhabbatimni qanday ifoda etsam bo‘ladi? Uyim va oilam tinch bo‘lishi uchun dushmanlarim bilan kurashaman, shunda otam men bilan faxrlanadi».
20 yashar Binefish terrorchilarga qarshi kurashish maqsadida uyidan qochib ketdi. «Men ko‘chada formadagi qizlarni ko‘rgach, uyda o‘tirishga uyalib qoldim. Kimgadir nafim tegishini o‘ylay boshladim. Ota-onamga ayollar otryadi yoqdi, lekin qizlari ularga borib qo‘shilishini istashmasdi. Shunda men hatto xayrlashmasdan uydan chiqib ketdim, — deb hikoya qiladi Binefish. — Keyinroq ularga qo‘ng‘iroq qildim, ayollar otryadida ekanligimni aytdim, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini tushuntirdim. Onam ko‘p yig‘ladilar, uy mensiz bo‘shab qolganligini aytdilar».
Otryad g‘alabalari
Ayollar mudofaa otryadi 2015 yilda Suriyaning Kobani shahri uchun bo‘lgan janglarda mardonavor harakat qildi. Otryad 133 kun davomida IShID terrorchilari qurshovida qolib ketdi. Arin Merkana ismli jangchi IShID terrorchilari orasida haqiqiy vahimaga aylandi: u 30dan ziyod jangarini yo‘q qildi.
O‘tgan yilning noyabrida Iroqning shimoli-g‘arbidagi Sinjar uchun bo‘layotgan janglarga otryad qizlari ham qo‘shilishdi. Ular tinch aholi vakillarini qutqarishga kamarbasta bo‘lishdi.
Ayni damda otryad vakillari ushbu hududning nazorat-tekshirish punktida xizmat qilishmoqda.
Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi
Mavzuga oid
09:15 / 12.11.2024
AQSh Suriyada eronparast guruhlar obektlariga zarba berdi
09:20 / 31.10.2024
Iroq o‘z havo hududi Isroil tomonidan buzilgani yuzasidan BMTga shikoyat qildi
12:10 / 28.10.2024
Turkiya HHK Iroq shimolidagi 34 ta obektni yo‘q qildi
11:00 / 23.10.2024