O‘zbekiston | 18:20 / 27.10.2016
20427
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov 1 yildan 7 oyga qisqartirilmoqda

Foto: Unian

2016 yilning 9 oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga jismoniy va yuridik shaxslardan 18 mingdan ortiq, umuman aytganda, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha respublika sudlariga jami 85 ming 603 murojaat kelib tushgan. Shu davrda Oliy sudda 3 ming 242 jismoniy va yuridik shaxs vakillari qabul qilindi. Shundan 1 ming 435 nafar shaxs bevosita Oliy sud rahbariyati tomonidan qabul qilingan bo‘lib, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan 674 sud qaroriga nisbatan protestlar keltirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Qo‘chqor Tog‘ayev O‘zA muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda aytib o‘tgan.

“Oliy sud tomonidan muntazam ravishda sudlarning bu boradagi ishlari umumlashtirilib, aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish, ishlarni ko‘rishda qonunchilik normalari aniq va bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash orqali yagona sud amaliyotini shakllantirish yuzasidan tegishli tushuntirish va yo‘nalishlar berib borilmoqda”, deydi Qo‘chqor Tog‘ayev.

Jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, jinoyat ishlarini tergov qilishning tezkorligini oshirish maqsadida jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga kamaytiriladi. Qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovning eng ko‘p muddatlari 1 yildan 7 oyga qisqartirilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar bir tomondan, fuqarolarning erkinligini asossiz cheklash holatlaridan himoya qilinishini, ikkinchi tomondan, surishtiruv va tergov organlarining mas'uliyati va faoliyati samaradorligi oshishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid