Sport | 23:47 / 31.10.2016
9433
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA eng yaxshi o‘yinchi mukofoti uchun nomzodlarni e'lon qiladigan kun ma'lum bo‘ldi

Foto: La Gazzetta dello Spor (Arxiv surat)

Endilikda FIFA 2016 yil yakunlariga ko‘ra yilning eng yaxshi o‘yinchisini o‘zi mustaqil tanlaydi. FIFA 6 yil mobaynida France Football jurnali bilan birga yilning eng yaxshi o‘yinchisini aniqlab, unga "Oltin to‘p"ni taqdim qilardi. Biroq joriy sentabrda tomonlar hamkorlikni tugatishga qaror qilishgan. Endilikda France Football o‘z mukofotini, FIFA esa o‘z mukofotini topshiradi. 

FIFA matbuot xizmati ma'lum qilishicha, 4 noyabrda 2016 yilning eng yaxshi o‘yinchisi unvonini olish uchun 23 nomzod ismi-sharifi e'lon qilinadi. Shu kunning o‘zida 22 noyabrda yakunlanadigan ovoz berish jarayoni boshlanadi. Ovoz berish finaliga 3 futbolchi chiqadi, ularning nomi 2 dekabrda e'lon qilinadi. Oxir-oqibat yilning eng yaxshi o‘yinchisi nomi Tsyurixda 9 yanvarda ma'lum qilinadi.

Ma'lum qilinishicha, g‘olibni aniqlashda 50 foiz natija barcha milliy terma jamoalar sardorlari va bosh murabbiylari tanloviga asoslanadi. Qolgan 50 foiz natija oshkora onlayn-ovoz berish natijalariga hamda butun dunyo ommaviy axborot vositalarining 200dan ko‘proq vakilidan olingan materiallarga asoslanadi. 

FIFA umumiy hisobda 8 yo‘nalish bo‘yicha yilning eng zo‘rlarini tanlaydi:

Eng yaxshi erkak murabbiy
Eng yaxshi ayol murabbiy
Eng yaxshi futbolchi
Eng yaxshi ayol futbolchi
Pushkash sovrini (yilning eng chiroyli golini urgan futbolchiga topshiriladi)
Muxlis uchun maxsus sovrin
FIFAning ramziy termasi
Fair Play mukofoti

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid