Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent 8-10 noyabr kunlari Birinchi Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasiga mezbonlik qiladi
2016 yilning 8-10 noyabr kunlari Toshkentda I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash, ekologik toza mahsulot yetishtirish va atrof-muhitni sog‘lomlashtirish doimiy e'tiborda. "O‘simliklarni biologik himoya qilish ilmiy-tadqiqot markazi" davlat unitar korxonasida qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi trixogramma, brakon, oltinko‘z kabi entomofaglar ko‘paytirilib, sakkiz yuzdan ortiq biolaboratoriya hamda dexqon va fermerlarga birlamchi biomahsulot yetkazib berilmoqda. Joriy yilda birgina trixogramma paraziti – entomofag 11 tonnadan ortiq yetishtirildi. Bu atrof-muhit tozaligini va inson salomatligini asrashga xizmat qiladi, deyiladi O‘zA saytida chop etilgan maqolada.
– Zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashda ekologik sof usullardan foydalanish, biologik mahsulotlar ishlab chiqarish va qo‘llash bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda yetakchi hisoblanadi, – deydi mazkur korxona mutaxassisi Azimjon Anorboyev. – Yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning 90 foizdan ortig‘i biologik usul yordamida parvarishlangani bois jahon bozorida, xususan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa mamlakatlarida ularga talab ortib bormoqda.
Ma'lumki, organik qishloq xo‘jaligi – atrof-muhitga zarar keltiradigan kimyoviy vositalardan foydalanmasdan biologik xilma-xillikni asraydigan, ekotizimni yaxshilaydigan, tuproq unumdorligini oshiradigan, insonlar salomatligini muhofaza qiladigan ishlab chiqarish tizimi hisoblanadi.
Dunyo mamlakatlarida ekologik toza mahsulot yetishtirish va unga talab tobora ortmoqda. Bu yurtimiz fermeru tadbirkorlari uchun yangi eksport imkoniyatlarini ochadi.
– Organik mahsulot yetishtirishda sintez asosda tayyorlangan kimyoviy pestitsidlar, mineral o‘g‘itlar, antibiotiklar, o‘simliklarni o‘stiruvchi sun'iy moddalar va ozuqa qo‘shimchalaridan foydalanilmaydi, – deydi Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi «Nurafshon» fermer xo‘jaligi rahbari Sharifjon Karimov. – Almashlab ekish imkoniyatlaridan imkon qadar kengroq foydalanib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining kasalliklari va zararkunandalarga qarshi biologik kurash usulini qo‘llayapmiz. Yerni shudgorlash, unga ishlov berish ehtiyotkorlik bilan olib boriladi. Yetishtirilayotgan organik mahsulot inson salomatligi uchun ijobiy xususiyatlarga egaligi bois iste'molchilar tomonidan juda qadrlanadi.
Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, yurtimizda azaldan organik dehqonchilik mavjud bo‘lsa-da, bunday usulda yetishtirilgan mahsulotlarni muayyan asoslar bo‘yicha tasniflashda yetarli darajada ilmiy mezonlar ishlab chiqilmagan. Ya'ni, mahsulotning o‘zi bor-u, lekin uning ekologik toza ekanligini tasdiqlovchi me'yorlar va standartlar tayyorlanmagan. Shu sabab organik toza mahsulot standartlari, ularni tartibga soladigan va markirovka qiladigan huquqiy asoslar yaratilmoqda. Masalan, fermer organik mahsulot yetishtirish qoidalariga rioya etgan holda uzum yetishtirdi va bu mahsulot iste'molchilarga borib yetdi, deylik. Bunda mahsulotni yetishtirish, qadoqlash, omborda saqlash, transportda tashish, savdo maydonchalariga joylashtirish singari barcha bosqichlar sertifikatlanadi. Kelgusida mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari «organik» degan maqomi bilan sifati nisbatan past, import oziq-ovqat mahsulotlaridan ajralib turishi va sifat jihatdan raqobatbardosh bo‘lishi shubhasiz.
Olimlar ekologik toza mahsulot inson sog‘lig‘iga zarar yetkazmasligi, kelajak avlod salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi va yuqori ijtimoiy-iqtisodiy samaraga ega bo‘lishini asoslab berishgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, ekologik toza mahsulotlar iste'mol qilinganda insonning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi ortishi, aholi orasida har xil kasalliklar tarqalish darajasi hamda bolalar o‘limining kamayishi va boshqa muhim ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilgan.
Markazda sabzavot ekinlarining asosiy zararkunandalariga qarshi takomillashgan kurash usullarini ishlab chiqish borasida ham ilmiy izlanishlar davom etmoqda.
Mavzuga oid
17:00 / 27.05.2025
Bozor – go‘sht narxi haqida: “Yem-xashak qimmat, mol boqish oson bo‘lmay qoldi”
10:43 / 26.05.2025
“Koreyada olgan tajribani qishlog‘imda qo‘llamoqchiman” – bo‘sh yerlarni o‘zlashtirayotgan shahrixonlik yigit
10:53 / 21.05.2025
O‘zbekiston asalni asosan ikki davlatga eksport qilmoqda
21:05 / 19.05.2025