O‘zbekiston | 20:01 / 02.11.2016
6332
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov Qashqadaryoda bo‘ldi

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvi 2 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida o‘tkazildi. 

Tadbirda korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlari, tadbirkorlar, mahallalar faollari, jamoatchilik, partiya elektorati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Onlayn videokonferensiya tarzida tashkil etilgan tadbirda asosiy zalda 250 nafardan ortiq, hududlardan 1300 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston “Adolat” SDP Qashqadaryo viloyati Kengashi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi R.Raupov olib bordi. Narimon Umarovning ishonchli vakili, viloyat partiya Kengashi matbuot kotibi Komil Saxatov yig‘ilganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.

N.Umarov qashqadaryoliklarga murojaat qilar ekan, ayni paytda uch milliondan ortiq aholi istiqomat qilayotgan shunday betakror zamin mehnatkashlari o‘zlarining samarali va bunyodkorlik ishlari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga katta ulush qo‘shayotganliklarini ta'kidladi.

Nomzod Qashqadaryo viloyati saylovchilariga o‘z Saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlari xususida so‘zlab berdi. 

Dasturda belgilanganidek, zamonaviy ijtimoiy davlat faqat yuksak rivojlangan, samarali va ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotga asoslanib muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatadi. Bozor iqtisodiyoti va xususiy tadbirkorlik tashabbuslari esa sotsial-demokratiyaning erkinlik, adolatlilik va birdamlik kabi asosiy qadriyatlarni amalga oshirishda muhim vosita bo‘ladi.

N.Umarov viloyatning iqtisodiy salohiyati haqida to‘xtalar ekan, hozirda respublikamizda qazib olinayotgan tabiiy gazning 88 foizi, neftning 92 foizi ayni shu hudud hissasiga to‘g‘ri kelayotganini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, nomzod neft-gaz sohasidagi respublikamiz yirik kompaniyalarining markaziy boshqaruv organlarini viloyatning tegishli kichik shaharlariga ko‘chirish taklifini ilgari surdi. Bu uning fikriga ko‘ra neft-gaz sohasidagi boshqaruv tizimini optimallashtirishga, Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilashga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga va pirovardida aholining turmush farovonligini yanada oshirishga imkoniyat yaratishini ta'kidlab o‘tdi. Mazkur taklifni saylovchilar ko‘tarinki kayfiyatda qabul qildilar va to‘la qo‘llab-quvvatladilar.
Narimon Umarov uchrashuv qatnashchilarining ko‘plab savollariga javob berar ekan, Prezident saylovi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim voqea ekanini, u yurtimiz taraqqiyoti yo‘nalishini belgilab berishini ta'kidlab, Qashqadaryo viloyati saylovchilarini 4 dekabr kuni ovoz berishda faol qatnashishga chaqirdi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid