O‘zbekiston | 15:55 / 04.11.2016
41394
2 daqiqa o‘qiladi

Sergelida yer usti metrosi qurilishi boshlandi

Foto: railway.uz

Toshkent shahrining Sergeli mavzesigacha «Yengil metro» tizimini, ya'ni yerning ustidan estakadalar (ko‘priklar) orqali o‘tgan yangi metropoliten yo‘lini qurish ishlari boshlab yuborildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmati xabar bergan.

Sergeli mavzesiga yer osti metrosini qurish murakkab ish bo‘lgani sababli metro yer ostida emas, estakadalar orqali harakatlanadi.

«Metropolitenning Olmazor»€ bekatidan Sergeli mavzesigacha uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi 6ta bekat qurilishi rejalashtirilgan. «Sergeli» yo‘nalishi metroning «Olmazor» bekatidan ulanadi», deydi loyiha bosh muhandisi Sunnat Jumaboyev.

Murakkab muhandislik loyihalari asosida bunyod etilayotgan inshoot shahrimizning "Choshtepa» mahallasi oralig‘idan o‘tadi. Yangi yo‘lning so‘nggi bekati Sputnik mavzesidagi Marg‘ib ko‘chasi bo‘ladi. Qurilish jarayonida uzunligi 26 metrni tashkil etuvchi ko‘plab balkalar o‘rnatiladi. Loyiha 4 yilga mo‘ljallangan. Bekatlarda eskalatorlar, kutish maydonchasi o‘rnatiladi, amaliyotga so‘nggi rusumdagi texnologiyalar joriy etiladi.

Bugungi kunda shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan Yunusobod yo‘lining «Shahriston» va «Turkiston» bekatlarigacha bo‘lgan uzunligi 2,7 kilometrni tashkil etuvchi, loyiha doirasida bitkazilmay qolgan hududda ham ishlar boshlangan.

Bundan oldinroq Toshkent shahrida bunyod etilishi davom ettirilayotgan metro qurilishi endi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Toshkentda metroning Yunusobod yo‘nalishining qolgan qismi qurilishi boshlandi

Mavzuga oid