O‘zbekiston | 19:36 / 08.11.2016
7447
2 daqiqa o‘qiladi

Narimon Umarovning saylovoldi dasturi “Adolat” SDP maqsad va vazifalari asosida ishlab chiqilgan

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 8 noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi R.Hayitov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.Mansurova yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.

Saylovoldi dasturi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi maqsad va vazifalari asosida ishlab chiqilgan. Unda innovatsion faoliyatning me'yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, innovatsiya va innovatsion infratuzilmalarning yagona vakolatli organini ta'sis etish, innovatsiya jamg‘armasini tuzish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Dasturda ekologiya sohasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish, tabiat ifloslanishining oldini olish, chang va zaharli moddalarni ko‘p yutuvchi daraxtlar soni va turini ko‘paytirish, shaharlar va sanoat korxonalari atrofida yashil zonalar barpo etish orqali atrof-muhit musaffoligini ta'minlashga qaratilgan aniq mexanizmlar ishlab chiqilishi zarurligi qayd etilgan. Bu, xususan, Navoiy shahri havosining musaffoligini ta'minlash, aholi salomatligini muhofaza qilishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda Karmana tumanidagi 4-umumta'lim maktabi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi G.Sattorova, Navoiy konchilik kolleji direktori Sh.Norov, Navoiy shahridagi “Spark-Advokatus” advokatlik firmasi huquqshunosi Sh.Fozilova, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyati filiali direktori Yu.Malikov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida fikr bildirdi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid