Jahon | 17:55 / 09.11.2016
17167
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy oldida miting: Bizga Trampning muhojirlar bo‘yicha g‘oyalari yoqdi

Foto: AP Photo

Donald Tramp tarafdorlari prezidentlik saylovlaridagi g‘alabani nishonlash uchun Oq uy oldiga to‘plandi. Marosimda yuzlab kishilar ishtirok etgan.

Ularning ba'zilarida vino butilkalari bo‘lgan, ko‘chada o‘rnatilgan kolonkalarda rok ohanglari yangray boshlagan.

"Bu chinakamiga yangi kun!", deya hayqirgan tashrif buyurganlardan biri. Yana kimdir kuylagan, ba'zilar Trampning dasturini muhokama etishgan. Asosiy e'tibor musulmonlarni mamlakatga kiritishni ta'qiqlashga qaratilgan.

"Menga uning savdo hamda muhojirlar masalasi bo‘yicha g‘oyalari yoqdi. Bu mamlakat hozirda deyarli himoyasiz qolgan", - degan yosh yigitlardan biri TASS muxbiriga. Mitingning boshqa bir ishtirokchisi, Mayk ismli yigit shunday deydi: "Tramp - g‘olib, bizga hozir aynan shu kerak edi".

"Axir Obama mamlakatimizni yomon ko‘rardi. Uning dasturlaridan hech biri ishlamadi. Ayniqsa, "Obamaker" (sog‘liqni saqlash sohasida - tahr. TASS). Men shu vaqtgacha uning davridagi kabi tarqoqlikni ko‘rmagandim", - deya qo‘shimcha qilgan u.

Miting tinch o‘tgan. Qaysidir pallada 2 yigit jiqillashib qolgan, ammo atrofdagi kishilar ularni ajratgan. Bu mushtlashuvning aniq sababi aytilmadi, ko‘p ehtimol bilan ulardan biri Trampga qarshi bo‘lgan.

"Odamlar ovoz berishdi, ular o‘z huquqlaridan foydalanishdi", - deya baqirgan respublikachilarning tarafdorlaridan biri.

Mavzuga oid