O‘zbekiston | 20:43 / 10.11.2016
56289
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Abdulla Oripovning dafn marosimida ishtirok etdi va hamdardlik bildirdi

Bugun Do‘rmonda O‘zbekiston madhiyasi muallifi Abdulla Oripovning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Marhum peshin mahali Toshkentdagi «Chig‘atoy» qabristoniga dafn etildi.

Shoirni so‘nggi manzilga kuzatish uchun qarindoshlari, do‘stlari, shoirlar, yozuvchilar, madaniyat va san'at olami vakillari, davlat va jamoat tashkilotlarining xodimlari jam bo‘lishdi.

Dafn marosimida O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etgan va marhumning Do‘rmondagi hovlisida ta'ziya bildirish uchun kelganlarni kutib olgan. 

Bosh vazir tomonidan bildirilgan ta'ziya O‘zA saytiga joylashtirilgan.

O‘zbek adabiyoti va madaniyati og‘ir judolikka uchradi.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli jamoat arbobi Abdulla Oripov 75 yoshida vafot etdi.

Abdulla Oripov 1941 yili Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida tug‘ildi. 1963 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi.

U o‘z mehnat faoliyatini “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim sifatida boshladi. Keyinchalik mamlakatimizning turli nashriyotlarida muharrir, “Gulxan” jurnali bosh muharriri, Mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi  direktori vazifalarida mehnat qildi. Ko‘p yillar mobaynida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat ko‘rsatib, adabiy maslahatchilikdan ushbu nufuzli ijodiy tashkilotning raisi lavozimigacha bo‘lgan mas'uliyatli yo‘lni bosib o‘tdi.  

Ulkan so‘z san'atkori, nodir iste'dod egasi Abdulla Oripovning betakror ijodi teran milliy ruhi va hayotiyligi bilan o‘zbek adabiyoti xazinasidan munosib va mustahkam o‘rin oldi. U o‘zining sermazmun, badiiy yuksak she'r va dostonlari, dramatik va publitsistik asarlarida ona yurtimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘usini beqiyos mahorat bilan tarannum etdi.

Abdulla Oripov mustaqil Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi sifatida el-yurtimiz qalbidan chuqur joy egalladi.

Xalqimizning ardoqli farzandi bo‘lgan atoqli shoir yarim asrlik serqirra ijodiy faoliyati davomida “Mitti yulduz”, “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “Onajon”, “Ruhim”, “Yurtim shamoli”, “Hayrat”, “Yillar armoni”, “Hikmat sadolari”, “Ezgulik”, “Shoir yuragi”, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni”, “Istiqlol manzaralari”, “Ranglar va ohanglar”, “Menga xush xabar ayt”, “Everest va ummon” kabi she'riy kitoblari, “Hakim va ajal”, “Jannatga yo‘l”, “Sohibqiron” singari chuqur falsafiy ruhdagi dramatik asarlari, jahon adabiyotining Dante, Aleksandr Pushkin, Taras Shevchenko, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan badiiy yetuk tarjimalari bilan ulkan ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrdagi o‘nlab asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi.

Ayniqsa, istiqlol yillarida Vatanimiz ozodligini, xalqimizning erkin va obod hayotini, milliy g‘urur, inson sha'ni va qadr-qimmatini ulug‘lovchi she'r va dostonlari, zamondoshlarimizning olijanob fazilatlari va fidokorona mehnati haqidagi publitsistik chiqishlari bilan jamoatchilik e'tiborini qozondi.

Abdulla Oripov uzoq yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari sifatida respublikamizdagi adabiy muhit va ijodiy jarayonni jonlantirish, shoir va yozuvchilar faolligini oshirish, ularni yangi ijodiy marralarga yo‘naltirish, yosh ijodkorlarni tarbiyalash va professional mahoratini yuksaltirish ishlariga muhim hissa qo‘shdi. Ayni paytda, ko‘zga ko‘ringan jamoat arbobi sifatida mamlakatimizning madaniy hayotida faol ishtirok etib, xalqimiz o‘rtasida milliy g‘oyamiz tamoyillarini keng targ‘ib etish, jamiyatimizning ma'naviy asoslarini yanada mustahkamlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi.

Abdulla Oripov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati va Senati a'zosi sifatida ham samarali faoliyat olib bordi.

Ulug‘ shoir va adib Abdulla Oripovning o‘zbek adabiyoti va san'atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston Qahramoni” faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti va “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli shoir, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Abdulla Oripovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,

X.Sultonov, Z.Ro‘ziyev, A.Qayumov, S.G‘aniyeva,

M.Ahmedov, S.Saidov

Mavzuga oid