Iqtisodiyot | 20:19 / 10.11.2016
8107
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida 25 million dollarlik shartnoma tuzildi

“O‘zekspomarkaz”da Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Xalqaro yarmarkada ho‘l va quruq mevalar, sitruslar, sabzavotlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oqlar, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlash texnologiyalari, sovutish uskunalari, transport va logistikaga oid ko‘plab bo‘limlar ishladi. O‘zbekiston meva-sabzavotchilik sohasi yutuqlari va yangiliklari barcha viloyatlar ekspozitsiyalarida keng namoyish etildi. 

Ko‘rgazmada ham fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan noz-ne'matlardan tashqari, meva-sabzavotni qayta ishlashga ixtisoslashgan yigirmadan ortiq korxona mahsulot namunalari keng namoyish etildi. Natijada pomidor, bodring va dukkakli ekinlar yetkazib berish bo‘yicha 25 million dollarlik shartnoma tuzildi.
Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida AQSh, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston kabi mamlakatlardan ikki yuzdan ziyod ishbilarmon doiralar vakillari qatnashgani chet el ishlab chiqaruvchilari hamda savdo kompaniyalarining O‘zbekiston bilan hamkorlikdan manfaatdorligi oshayotganini ko‘rsatdi.

Anjuman doirasida ishtirokchilar Toshkent, Andijon, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Jizzax viloyatlaridagi korxonalar, fermer xo‘jaliklari va bog‘larda bo‘lib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar samaralari, meva-sabzavot yetishtirish, sifatli saqlash va qadoqlash tizimi, eksportga tayyorlash jarayoni bilan bevosita tanishdi.


 

Mavzuga oid