Fan-texnika | 23:33 / 14.11.2016
5108
2 daqiqa o‘qiladi

Kompyuterlar ishlab chiqaruvchi Acer kompaniyasining sof daromadi 30 foizga oshib ketdi

Foto: wsj.com

Tayvanning kompyuter va mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchi Acer kompaniyasining sof daromadi 30 foizga oshib ketdi. Bundan kompaniya tomonidan 2016 yil 3-chorak bo‘yicha chop etilgan ma'lumotlar guvohlik bermoqda.

3-chorak natijalariga ko‘ra, kompaniyaning tushumi 59,6 mlrd Tayvan dollarini (1,9 mlrd dollar), sof daromadi esa 249 mln Tayvan dollarini (7,8 mln dollarni) tashkil qildi. Bir yil avval shu chorakda kompaniyaning daromadi 191 mln Tayvan dollariga teng bo‘lgan. 

Kompaniya 2011 yildan 2013 yilgacha ziyon ko‘rib ishlagan. Kompaniya yirik ko‘lamdagi qayta tashkillashtirish hisobiga daromad ola boshlagan. Bu jarayon davomida kompaniyaning rahbariyati o‘zgargan, xodimlari soni qisqargan va yangi biznes-rejalar tuzilgan.

Kompaniya o‘z daromadining katta qismini noutbuklar sotishdan oladi. Bu borada 2-o‘rinni kompyuterlar egallaydi. Monitorlar kompaniyaga 12 foiz foydani, planshetlar –  6 foiz, smartfonlar 1 foiz foydani keltiradi.

Geografik jihatdan kompaniya uchun eng serdaromad mintaqa EMEA (Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika) hisoblanadi, o‘tgan chorakda bu mintaqa hisobiga kompaniyaning 38 foiz aylanmasi to‘g‘ri kelgan. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi kompaniyaga 33 foiz tushumni, Shimoliy va Janubiy Amerika 29 foiz tushumni ta'minlagan.

Gartner tahlilchilari ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2016 yil iyul-sentabr oylari ichida 4,6 mln ta kompyuter ishlab chiqargan. Kompaniyaning jahon bozoridagi ulushi 6,7 foizni tashkil qilgan va bu ishlab chiqaruvchilar orasida 6-ko‘rsatkich hisoblanadi

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid