Sport | 12:06 / 15.11.2016
12549
3 daqiqa o‘qiladi

Prevyu: Bugun terma jamoa muxlislarining qishki kayfiyatini belgilab beradigan o‘yinda maydonga tushadi

Foto: VVS

O‘zbekiston milliy terma jamoasini bugun juda mas'uliyatli o‘yin kutib turibdi. Seulda, Toshkent vaqti bilan soat 16:00da JCh-2018 saralashining 3-bosqichida 5-tur doirasida Janubiy Koreya va O‘zbekiston terma jamoalari uchrashuvi boshlanadi.

2018 yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga borish orzusi Janubiy Koreyaga qarshi bo‘ladigan o‘yinga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Bugun Samvel Babayan boshchiligidagi jamoa "World Cup stadium"da mezbonlarni yengsa, guruhdagi asosiy raqib bo‘lgan bu terma jamoadan 5 ochkoga o‘zib ketishi va saralashning qolgan o‘yinlari davomida pragmatik o‘yin orqali yo‘llanmaga ega chiqishi mumkin bo‘ladi.

Statistikaga qaraladigan bo‘lsa, Janubiy Koreya va O‘zbekiston shu vaqtgacha o‘zaro 13ta o‘yin o‘tkazgan va shundan faqat 1 uchrashuvda o‘zbekistonliklar g‘alabaga erishgan. Bu g‘alaba 22 yil oldin, 1994 yilgi Osiyo O‘yinlarida ro‘y bergan.

Yana 3ta uchrashuvda durang hisobi qayd etilgan. 9ta uchrashuvda esa koreyslar ustun kelgan, to‘plar nisbati koreyaliklar foydasiga 13-28.

O‘yinda saudiya arabistonilik Faxad Al-Midrasi boshchiligidagi hakamlar brigadasi ishlaydi. Bu hakam jamoalarning oxirgi rasmiy uchrashuvida ham ishlagan, o‘shanda Osiyo Kubogining chorak finalida kechgan uchrashuv koreyslarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.

Bugun O‘zbekiston terma jamoasida Janubiy Koreyani safarda ilk marta mag‘lub etib, tarixiy natija ko‘rsatish imkoni mavjud.

Bugun o‘z sevimlilarini raqib maydonida qo‘llab-quvvatlab turish uchun Seulga 200 nafar muxlis yo‘l olgan. Ular qatoriga Janubiy Koreyada mehnat safari bilan bo‘lib turgan minglab vatandoshlar qo‘shilishi kutilmoqda.

Bugun o‘zbekistonlik muxlislarning butun qish davomida kayfiyati qanday bo‘lishini belgilab beradigan katta o‘yin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid