Sport | 19:10 / 15.11.2016
11458
8 daqiqa o‘qiladi

Zidandan, Djyekogacha. Futbol tarixidagi bema'ni harakatlar tufayli olingan qizil kartochkalar

JCh-2018 saralash bosqichi doirasidagi Gretsiya va Bosniya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda mehmonlar hujumchisi Edin Djyeko g‘ayritabiiy harakati uchun maydondan chetlatildi. Ushbu holatdan keyin futbol tarixidagi shunaqa bema'ni harakatlar natijasida yuzaga kelgan qizil kartochkalarni esga olib o‘tishga qaror qildik.

Dastlab Djyeko mavzusiga qaytsak. Futbolchi yiqilib yotganida turishiga xalaqit bergan raqib futbolchisi Sokratis Papastatopulosni ishtonini pastga tortib yubordi va hakam tomonidan ikkinchi marta ogohlantirilib maydonni jamoadoshlaridan ertaroq tark etishga majbur bo‘ldi.

Bungacha Bosniya hisobda oldinda borayotgandi. Oxirgi daqiqalarda esa Gretsiya jasorat ko‘rsatib hisobni tenglashtirdi.

Djyeko qizil kartochkasiga munosabat bildirarkan u bu qarorni tushunmaganini bildirdi: «Qizil kartochkani nima sababdan olganimni tushunmadim. Hakam menga janjalni men boshlaganimni aytib tushuntirdi. Lekin yerda yotgan holatimga qanday qilib hammasini men boshlagan bo‘lishim mumkin? Xuddi 0:3ga yutqazgandek kayfiyatdamiz. Gretsiya bir ochkoga ham munosib emasdi. Hattoki 0:1 hisobidagi mag‘lubiyatga ham. Gretsiya 0:4 hisobida yutqazishi kerak edi».

Zinedin Zidan

Bu tarixni «Ortiqcha izohga hojat yo‘q» turkumiga kiritish mumkin. Argentinalik Goratsio Elisondo tomonidan ko‘rsatilgan qizil kartochka o‘sha chempionatdagi istalgan gol yoki muhim voqelikdanam ko‘proq eslanishi aniq. Hakam tomonidan ko‘rsatilgan qizil kartochka, hal qiluvchi o‘yinda Zinedin Zidanga ko‘rsatilgandan keyin boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi! Provakatorligi bilan tanilgan Marko Materatstsining Zizu yoniga kelib aytgan gapi haqida turli xil qarashlar bor. Hattoki bu haqda futbolchi «Zidanga nima deganim haqida 1001 faraz» nomli kitobini ham chop etgandi. Xullas o‘sha so‘z shunchalik bo‘lib chiqdiki, Zidan o‘zini ushlab tura olmadi va haqli ravishda qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Yetakchidan ayrilgan Fransiya esa keyinchalik o‘yinni ham boy berdi.

O‘sha epizod internet sahifalarida turli karikaturalar, memlar, ko‘rinishida haligacha eslanib kelinadi. Zidanni hamma ajoyib o‘yinlari orqali, Materatstsini esa o‘sha provakatsiyasi orqali eslashadi.

Yussuf Mulumbu

«Vest Bromvich»ning afrikalik futbolchisi o‘zining ehtiroslarini yashira olmasligi bilan ajralib turgan.«Vest Hem»ga qarshi uchrashuvda Mulumbuni raqib futbolchisi Gari O’Nil chalib yiqitadi. Mulumbu unda to‘pni oladi va… uni to‘o‘o‘g‘ri raqibining nozik joyiga qarata yo‘llaydi.

«Kulguli vaziyat bo‘lgandi bu. Unchalik og‘riqni ham sezmaganman. Asosiysi biz g‘alaba qozongandik. Yussuf – yaxshi yigit. Shunchaki asablarini jilovlay olmaydi», — deya eslagandi O’Nil bu vaziyatni. 

Anxel Di Mariya

Qanday qilib maydonni qandaydir soniyalarda tark etish mumkin? 2015 yilning martida Anxel Di Mariya hali «MYu»da to‘p surib yurgan paytlari Angliya Kubogi chorak finalida «Arsenal»ga qarshi uchrashuvda bu savolga javob topib bergandi.Avvaliga argentinalik futbolchi Aaron Remsi unga yengil tegib ketganiga qaramay, ajoyib yiqilish sahnasini o‘ylab topgandi. Hakam bu sahna ko‘rinishi uchun unga o‘rtacha ball - sariq kartochka ko‘rsatgandi. Biroq futbolchi bu bilan cheklanib qolmadi va hakamning futbolkasidan tortib u bilan mazkur vaziyatni muhokama qilmoqchi bo‘ldi. Maykl Oliver esa bu safar uning harakatlariga yuqori bahoni qo‘ydi - qizil.

Bu chetlatish Angliyada katta shov-shuvni keltirib chiqardi. Ingliz tabloidlaridan biri Daily Mirror vaziyatni o‘rganib, Argentina terma jamoasi futbolchisining lab qimirlatishi o‘qishga harakat qildi va unda Di Mariya arbitrga qarata «son of a bitch» (yumshoqroq qilib tushuntirganda — itvachcha) deganini isbotlashga urindi.

Argentinalik futbolchi umuman qizil kartochkalarni ishlash bo‘yicha usta hisoblanadi. Uch yil muqaddam u «Real» safida o‘ynab yurganida ham shunday kartochkani ishlab olgandi. 2012/13 mavsumda «Deportivo»ga qarshi uchrashuvda futbolchi raqibga jarima zarbasini berishga halaqit bergani uchun sariq kartochka olgan. Shunga qaramasdan, u xalaqit qilishni davom ettirgan va ko‘p o‘tmay ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni erta tark etgandi.

Eden Azar

Belgiyalik futbolchi har doim ham o‘zining ajoyib harakatlari bilan lol qoldiravermaydi. Azar – nafaqat ajoyib fintlari va aqlbovar qilmas harakatlar yig‘indisi, balki ba'zida esa umuman tushunarsiz shaxs. Bolboy (to‘p uzatuvchi bolakay) bilan bo‘lib o‘tgan voqea ham xuddi Zidanniki kabi mashhur deyish mumkin. 2013 yilda «Chelsi» Liga Kubogi yarimfinalida «Suonsi»ga yutqazgan, asoan Edenning asabbuzar harakatlari bunga sabab bo‘lgan.

Bir vaziyatda «Liberti Stedium» bolboyi to‘pni mehmonlarga berishni istamagan. Ammo bu harakati uchun Azar uni tepib to‘pni olib qo‘ygandi. Hakam shu zahotiyoq unga qizil kartochka ko‘rsatgan. Azar keyinchalik bu holatga bahonalar topishga uringan bo‘lsada, oxir-oqibat o‘smirdan kechirim so‘ragandi. Jabrdiyda Charli Morgan esa shundan keyin katta mashhurlikka erishdi: gazetalarning birinchi sahifasi, shoularning yulduziga aylandi. 

Stiven Defur

Sobiq klubga bo‘lgan munosabat haqida gaplashamiz. Hozirda APLda «Bernli» safida to‘p surayotgan belgiyalik futbolchini o‘z vatanida yaxshi ko‘raverishmaydi. Masalan «Standard» muxlislari uni xoin deb hisoblashadi. 

Stiven Belgiya chempionatida jamoasi «Anderlext» bilan Lejda, oldin besh yil o‘ynagan va sardor bo‘lgan «Standard»ga qarshi maydonga chiqadi. Qizillar muxlislari Defurni «iliq» kutib olishadi: hushtakbozlik va «Red or dead» (Qizil yoki o‘lim) shiorlari osilgan bannerlar, boshqa tarafda jallod qo‘lidagi Stivenning boshi... «Anderlext» futbolchisi esa bu vaziyatda asablarini jilovlay olmay qoldi. Ikki marta u to‘pni qo‘liga olib tribunaga qarata kuch bilan tepgani uchun qizil kartochka oladi. «Standard» muxlislari tomonidan amalga oshirilgan provakatsiya 100 foiz ish bergandi.

Mehrdod Pulodiy

Eng «o‘ylangan» qizil kartochka sifatida bugungi ro‘yxatimizga mazkur vaziyatni kiritishimiz mumkin. Osiyo Kubogi– 2015ning chorak finalida Eron terma jamoasi himoyachisi Po‘lodiy hujumga qo‘shiladi va to‘pga yeta olmay darvozabonning ustidan sakrab o‘tib ketishga harakat qiladi. Raqib harakatini ko‘rib unga atay to‘qnashadi va maydonga yotib oladi. Mantiqan olib qaraganda bu vaziyat uchun Iroq darvozaboni qizil kartochka olishi kerak edi, biroq avstraliyalik hakam Benjamin Uilyams boshqacha qarama-qarshi ishni amalga oshiradi va eronlik futbolchini maydondan chetlatadi. Hakamning bu harakati o‘yinga ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. 1:0 hisobida oldinda borayotgan Eron ustunlikni boy beradi va oxir-oqibat penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib musobaqani tark etadi.

Mavzuga oid