Jahon | 15:54 / 16.11.2016
8455
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Suriya muxolifati tez orada Turkiya qo‘llovi bilan Al-Bobni egallaydi

© AP Photo

Suriya ozodlik armiyasi ayni vaqtda Al-Bob shahridan 2 kilometr masofada turibdi va tez orada Turkiya armiyasi yordami bilan bu shahar egallanadi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma'lum qilgan.

Erdo‘g‘an bundan oldinroq Turkiya Qurolli kuchlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriya muxolifati armiyasining maqsadi Suriya shimolida IShIDni tor-mor qilish ekanini aytib o‘tgandi.

"SOA ayni vaqtda shahardan ikki kilometr masofada turibdi va reja qilinganidek ularni chor atrofda bizning qo‘shinlarimiz o‘rab turibdi. O‘ylaymanki, Al-Bobni olish amaliyoti uzoq vaqtga cho‘zilmaydi. Suriyadagi kurdlarning harbiylashgan bo‘linmalari Frot qirg‘oqlaridan chekinishni va'da qilishgan. Umid qilamanki, ular o‘z so‘zlarida turishadi", — degan Erdo‘g‘an seshanba kungi matbuot anjumanida.

Turkiya armiyasi shu yilning 24 avgustida Suriya shimolida IShIDga qarshi "Frot qalqoni" nomi ostidagi harbiy amaliyot boshladi. Turkiya tanklari Suriyaga kirib, Suriyadagi muxolifat qo‘shinlari bilan birga Jarablusni egalladi va janubi-g‘arbiy yo‘nalishda harakatlana boshladi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, amaliyotdan maqsad Turkiyaning janubiy chegaralari yaqinida xavf solib turgan hududni IShID jangarilaridan tozalab, bu hududda 5 ming kvadrat kilometr maydonda qochqinlar uchun xavfsiz hudud barpo etishdir.

Suriya shimolida Turkiya armiyasi va Suriya Ozodlik armiyasi doimiy ravishda kurdlarning bo‘linmalari bilan to‘qnashib turadi. Turkiya tomoni Suriya kurdlarini Turkiyadagi Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador deb hisoblaydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid