Jahon | 21:57 / 17.11.2016
11714
2 daqiqa o‘qiladi

Ostonadagi EKSPO-2017 ko‘rgazmasida ko‘prik tuzilmasi qulashining sababi ma'lum qilindi

Ostonadagi EKSPO ko‘rgazmasi hududida ikki pavilonni birlashtirib turuvchi manzarali ko‘prik tuzilmasi kuchli sovuqning metallga ta'siri tufayli quladi. Xitoydan xarid qilingan bu metall standart talablarga javob bermagan. Bu haqida BI Group qurilish kompaniyasi rahbari Oydin Rahimboyevning so‘zlariga asoslanib, RIA "Novosti" xabar berdi

Ko‘prik tuzilmasi chorshanba kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan EKSPO-2017 ko‘rgazmasida qulab tushdi. "Ostona-2017" milliy kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori Sergey Kuyanovning ma'lum qilishicha, kutilmagan hodisa natijasida hech kim jabr ko‘rmagan. So‘nggi kunlarda Ostonada sovuq havo harorati saqlanib turibdi. Hattoki vaqti-vaqti bilan 30 darajagacha ko‘tarilayotgan sovuq havo harorati tufayli Qozog‘iston poytaxtida boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining mashg‘ulotlari ham to‘xtatib qo‘yilgan. 

"Muhandislar bilan muhokamalardan keyingi dastlabki xulosamiz - 90 metrli ferma sovuq havoda metallning  siqilishiga dosh bera olmagan, holbuki hujjatda metallning kimyoviy tarkibi boshqacha ko‘rsatilgan - metall va uning ekspluatatsiyasi sovuq yo issiqda uning siqilishi-kengayishini hisobga olishni ko‘zda tutadi. Takror ta'kidlayman, bu bizning dastlabki xulosamiz", - deb yozdi Rahimboyev o‘zining Facebook'dagi sahifasida. 

U so‘nggi xulosani ekspert komissiyasi chiqarishini qo‘shimcha qildi va buning yaqin kunlarda ro‘y berishiga umid bildirdi. 

"EKSPO-2017" xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmasi 2017 yilning 10 iyunidan 10 sentabriga qadar bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida "yashil" energetikani rivojlantirish sohasidagi eng yangi ilm-fan yutuqlari namoyish qilinadi. 103 mamlakat va 17 xalqaro tashkilot mazkur ko‘rgazmadagi ishtirokini tasdiqladi. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid