Jamiyat | 11:54 / 21.11.2016
5535
2 daqiqa o‘qiladi

Halab sharqida ziyon yetmagan birorta shifoxona qolmadi

Foto: Reuters

Havodan berilgan ketma-ket zarbalardan keyin Sharqiy Halabdagi barcha shifoxonalarga ziyon yetgan. Bu haqda Daily Sabah nashri xabar berdi. 

Bashar Asad va uning ittifoqdoshlari bir necha haftalik tanaffusdan keyin, seshanba kunidan boshlab shaharning sharqiy qismiga havodan zarbalar bera boshlashdi. Juma kuni ular muxolifat pozitsiyaga qarshi yer usti hujumlariga ham start berishdi. 

Asad tarafdorlari Halabdagi muxolifat kuchlarga qarshi kampaniyasini ishga tushirganda Suriyadagi davomli urushda tinch aholi jabr ko‘rmoqda. Yakshanba kungi bombardimon natijasida olti kishidan iborat oila halok bo‘lgan. Tibbiy xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, Sakhurga tushgan bomba tarkibida gazsimon xlor bo‘lgan. Urishni kuzatib borayotgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi bombada gazsimon xlorning borligini tasdiqlamagan. 

Suriya Inson huquqlari observatoriyasining urush monitoringiga ko‘ra, shanba kuni Sharqiy Halabda 48 nafar kishi halok bo‘lgan, ularning kamida 5 nafari bolalar ekanligi ta'kidlandi. Bu so‘nggi kunlarda bombardimon natijasida halok bo‘lganlar sonini taxminan 180 kishiga oshiradi. 

Manbaga ko‘ra, shanba kuni harbiy samolyotlar, artilleriya va vertolyotlar Sharqiy Halabni bombardimon qilishda davom etgan, hujum uyushtirilgan hududlar orasida aholi zich joylashgan tumanlar ham bo‘lgan. Shu jumladan, Bo‘ston-al-Basha tumanida intensiv to‘qnashuvlar yuz bergan. 

"Bu hujumlar muxolifat bilan birga bolalar, qariyalar va ayollar uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tibbiy muassasalarni ham yo‘q qildi", - deb yozgan Halab sog‘liqni saqlash ma'muriyati Reuters agentligiga. 

Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallimning so‘zlariga ko‘ra, sharqiy hududlardagi muxolifat kuchlar haydalishi bilanoq shahar "qayta tiklanadi". 
 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid