Jamiyat | 11:04 / 23.11.2016
5214
2 daqiqa o‘qiladi

Eyfel minorasidagi eski zina bo‘lagi Parijdagi auksionda 523 ming yevroga sotildi

Foto: © EPA

Eyfel minorasi zinasining bir qismi Parijdagi «Arkyuryal» auksionida o‘tkazilgan savdolarda eng asosiy lotlardan biriga aylandi. Tashkilotchilarining xabar berishicha, eksponat o‘z shaxsini oshkor etmagan osiyolik kolleksiya to‘plovchiga 523 ming yevroga sotilgan. 

Gap 1889 yilda Eyfel minorasining ikkinchi va uchinchi qavatlari oralig‘ida o‘rnatilgan eski vintli zina bo‘lagi haqida bormoqda. Uning uzunligi 2,6 metrni tashkil qilib, qism 14 zinapoyani o‘z ichiga oladi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, savdolar atigi 20 ming yevrodan boshlanib, tez orada yarim millionga yetgan.

1983 yilda zina xavfsizlik qoidalariga javob bermagani tufayli buzib tashlangan edi. Uning o‘rnida esa lift o‘rnatildi. Konstruktsiya 24 qismga bo‘linib, ulardan birini ayni kunlarda Eyfel minorasining birinchi qavatida uchratish mumkin. Yana uch zina bo‘lagi esa Fransiyadagi muzeylarga taqdim etilgan. Boshqa qismlar turli ochiq savdolar vaqtida xususiy kolleksiyachilarga sotib yuborildi.

Biroq har zamonda detallar savdolarga qayta qo‘yilmoqda. Masalan, uzunligi 2,7 metr bo‘lgan bo‘lak 2009 yilgi ochiq savdoda sotib yuborildi. Uning qiymati 550 ming yevroni tashkil etgan. 2013 yilda esa Parijdagi savdolarda yana bir qism sotuvga qo‘yildi. U 19 zinapoyadan iborat bo‘lib, yakuniy narxi ancha kamroq - 220 ming yevroni tashkil qildi.
 

Mavzuga oid