Sport | 16:41 / 24.11.2016
5082
2 daqiqa o‘qiladi

Stiven Jyerrard futbolchilik faoliyatini yakunladi

«Liverpul» va Angliya terma jamoasining sobiq sardori Stiven Jyerrard futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqida e'lon qildi.

«Futbolchilik faoliyatim ajoyib o‘tdi. Men «Liverpul», «Los-Anjyeles Gelaksi» va Angliya terma jamoasi uchun o‘tgan lahzalar uchun minnatdorchilik bildiraman.

Men o‘zimni baxtiyor his qilishim mumkin, shuncha ajoyib lahzalarni yashadim. Men «Liverpul» uchun 700dan ortiq uchrashuv o‘tkazganimdan mamnunman, bu uchrashuvlarning asosiy qismida sardor sifatida o‘ynadim.

Men buyuk futbolchilar bilan yonma-yon o‘ynadim. Hamisha meni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga rahmat. Oilamga alohida minnatdorchilik aytaman.

Kelajagim borasidagi qarorimni yaqin vaqt ichida ma'lum qilaman», — degan Jyerrard.

36 yoshli angliyalik futbolchi mersisaydliklar klubi safida 1998 yildan 2015 yilgacha o‘ynagan, «qizillar» jamoasi uchun 729 o‘yin o‘tkazgan va 185 gol urib, 115ta golga hammualliflik qilgan. U terma jamoa libosini kiyib 114 marta maydonga tushgan va 21 marta o‘z golini nishonlagan.

Jyerrard 2 marta Angliya Kubogi sohibi, 3 marta Liga Kubogi sohibi bo‘lgan. U 2005 yilda jamoasi bilan Yevropa chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.

Uning sovrinlari qatorida UYeFA Kubogi, UYeFA Superkubogi va Angliya Superkubogi ham bor.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid