Jahon | 15:30 / 28.11.2016
5258
2 daqiqa o‘qiladi

WP: Kerri Tramp inauguratsiyasiga qadar Rossiya bilan Halab bo‘yicha kelishuvga erishish niyatida

Foto: Getty Images

AQSh davlat kotibi Jon Kerri lavozimini tark etgunga qadar Suriyaning Halab shahrini qamal qilishga barham berish bo‘yicha Rossiya bilan kelishuvga erishish borasida qattiq mehnat qilmoqda. The Washington Post nashrida chop etilgan maqola muallifi Josh Rojin shunday fikrda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kerrining shoshilishiga Halabdagi gumanitar ahvolning ayanchli ekanidan tashqari, AQSh yangi prezidenti Donald Trampning bu borada Moskva bilan «boshqacha bitimni tuzish ehtimoli» ham sabab bo‘lmoqda. Buning oqibatida AQSh Suriya muxolifatini qo‘llab-quvvatlashdan mahrum bo‘lishi, bu esa, o‘z navbatida, Vashingtonni Suriya prezidenti Bashar Asad tomoniga o‘tkazishiga olib kelishi mumkin. 

Rojinning qayd etishicha, davlat kotibi yangi diplomatik vazifa ustida «yashirincha» ishlamoqda. Xususan, prezident Barak Obama ma'muriyatidagi 4 nafar mulozimning jurnalistga ma'lum qilishicha, bu shunchalik tavakkalchilikka asoslangan urinishdan boshqa narsa emas. Biroq, ayni shu bitim Rossiya va Suriya armiyasining Halab hududiga zarba berishiga barham bera oladi. 

Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda, faqatgina Halab bo‘yicha kelishuv muhokama qilinmoqda. Unga Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya va ayrim bandlarga Eronni ham jalb etish rejalashtirilgan.
 
Umuman rejalashtirilayotgan bitim imzolangudek bo‘lsa, Suriya muxolifati o‘z a'zolarini terrorchilik guruhlari deb tan olingan jangarilar tarkibidan chaqirib oladi. Shundan so‘ng, terrorchi-jangarilar shaharni tark etadi, bunga javoban Rossiya va Asad tuzumi Halab qamaliga barham berib, shaharga gumanitar karvonlar kirishiga yo‘l qo‘yadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid